Xarid oldidan smartfonni tekshirish (videoqo‘llanma)

  •   DiMaX
  •  2781
  •  26.01.2017 12:31

Xarid oldidan smartfonni tekshirish (videoqo‘llanma)

Yangi narsa sotib olayotib, uning nuqsonli chiqishini hech kim istamaydi, ayniqsa, smartfon masalasida jiddiy qarash kerak. Xarid oldidan smartfonni tez va to‘g‘ri tekshirish usullarini hi-tech.mail.ru nashri e’lon qilgan.
1. Plombalarini tekshiramiz
Tabiiyki, shundan boshlaymiz – ishlab chiqaruvchi tomonidan qo‘yilgan plombalar butun, quti o‘rami esa muhrlangan bo‘lishi shart.

2. Sensor ekranining sezuvchanligini sinaymiz
Tachskrin brak emasligini tekshirish uchun kuchli usta bo‘lish shart emas. Matn terish bilan bog‘liq bo‘lgan dasturlardan birini (masalan – qaydlar yoki xabarlar) ochamiz va bir necha qator matn terib ko‘ramiz. Agar ko‘p xato bo‘lsa, tegishli hududchadagi harflar ekranda paydo bo‘lmasa – qo‘lingizdagi qurilma sensorida nuqson bo‘lishi mumkin.

3. Datchiklarni tekshiramiz
Zamonaviy qurilmalarda harakat bilan bog‘liq ko‘plab datchiklar mavjudligini inobatga olsak, gadjetning bu imkoniyatlarini ham tekshirish muhim. Masalan, galereyani ochib, rasmlarni ko‘ramiz. Keyin smartfonni tezda tepasini pastga aylantiramiz – bu bilan uning harakatlarni qanchalik to‘g‘ri va tez ilg‘ab olishini aniqlaymiz.

4. Ishlamaydigan piksellari yo‘qmikan?
Ekranda «o‘lik» piksellar bor-yo‘qligini tekshirish yo‘llari haqida avval ham xabar berganmiz. Shulardan eng osoni – kamerani yoqamiz va biror oppoq narsani (masalan, oq qog‘ozni) suratga tushiramiz. Buni yaxshi yoritilgan joyda qilganimiz ma’qul.
Keyin esa ekranda tasvirni kattalashtirib, yaxshilab ko‘zdan kechiramiz. Agar oq fonda turli rangdagi nuqtalar ko‘rinsa – demak, ishlamaydigan piksellari bor, sifatsiz modul ekan.
Shuningdek, «o‘lik» piksel mavjudligini tekshiruvchi Dead Pixel Test singari maxsus ilovalardan ham foydalanish mumkin.
5. Dinamiklarini albatta tekshiring
Odatda qurilmaning o‘zida musiqalar to‘plami bo‘ladi. Ularni baland-past ovozlarda qo‘yib ko‘rib, smartfonning dinamigini tekshirish lozim. Biryo‘la quloqchinni ham ulab, uning qanday ishlashini ham sinovdan o‘tkazib olamiz.

6. Quvvat olishi ham muhim
Har ehtimolga qarshi, yangi qurilmaning quvvatni qanday olishini ham ko‘zdan kechirgan ma’qul. Bunda portning ishlashiga ham, batareya ko‘rsatkichlari ekranda to‘g‘ri aks ettirilishiga ham e’tibor beramiz.

7. Wi-Fi ishlashini sinaymiz
Zamonaviy qurilmalarning muhim xususiyatlaridan biri Wi-Fi to‘lqini bilan bog‘liq funksiyalaridir. Uni yoqib, yaqin atrofda ulanish nuqtalari bo‘lsa – ulanib, ishlatib ko‘rgan ma’qul. Odatda smartfon 15 metrlar atrofidagi nuqtalarga uzilishlarsiz ulanib ishlay oladi.

8. Akkumulyatorini ko‘zdan kechiramiz
Agar smartfon yangi bo‘lsa, akkumulyatori borasida xavotir olmasangiz ham bo‘ladi. Biroq ko‘nglingiz xotirjam bo‘lishi uchun, agar batareyasi olinadigan qurilma bo‘lsa, uni chiqarib olib ko‘zdan kechirish mumkin. Odatda batareya orqasida tegishli yozuvlar tushirilgan oq nakleyka bo‘ladi. Agar qurilma ichiga namlik o‘tgan bo‘lsa, shu nakleyka qizg‘ish tusga kiradi.

9. Servis kodini bilasizmi?
Smartfonlarda ko‘pincha maxsus tekshiruv menyusi bo‘ladi, uning yordamida qurilmaning barcha muhim parametrlarini tezda tekshirish mumkin. Buning uchun qo‘ng‘iroq qilish interfeysi orqali maxsus kodni terish kifoya. Faqat bu kod gadjetning markasiga, ba’zan hatto modeliga ko‘ra ham farqlanadi. Shu bois, agar biror modelni olishni mo‘ljallab bozorga chiqqan bo‘lsangiz, shu modelning maxsus tekshiruv kodlarini oldindan bilib qo‘yishingiz kerak.

Agar yuqoridagi tavsiyalarga amal qilsangiz, xariddan keyin ko‘ngil to‘lmasligi, do‘konga qaytarib olib borish kabi holatlarga o‘rin qolmaydi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.