Xiaomi Beryllium – "quvvatli" flagman smartfon

Xiaomi Beryllium –

So‘nggi bir necha oydirki, Xitoyning tinib-tinchimas Xiaomi korporatsiyasi o‘zining bir nechta yangi smartfon modellarini taqdim qildi va muvaffaqiyatli sotmoqda. Ular orasida flagman, o‘rta darajali hamda boshlang‘ich imkoniyatli telefonlar bor. Xususan, 8 yadroli, chastota intervali 2,8 GGs bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 845 protsessoriga ega Mi 8 yoki Mi MIX 2S flagmanlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Shu yilning 9 iyul kuni XDA Developers forumida kompaniyaning Xiaomi Beryllium nomli yangi, kuchli flagmani haqida xabar tarqaldi.

Yap-yangi MIUI 10 mobil operatsion tizimi dastur yaratuvchilari "Xiaomi Beryllium" nomli yangi telefonga oid ma’lumotlarga duch kelishgan. Telefon dizayni to‘liq o‘lchamli, ya’ni 18:9 nisbatli ekran bilan diqqatga sazovor. Unga ham 8 yadroli Snapdragon 845 chipseti o‘rnatiladi. Shu bilan birga, smartfondagi qo‘sh sensordan iborat bosh kamerada 2 karralik yaqinlashtirish funksiyasi joriy qilinadi.

Bo‘lajak flagmanda yana bir qator qiziq jihatlarning bo‘lishi ham ma’lum qilingan. Xususan, telefonda NFC, Wi-Fi 802.11ac (2,4 GGs + 5 GGs) hamda Bluetooth 5.0 modullari, shuningdek doimiy xotirani 512 gigabaytgacha kattalashtirish imkonini beradigan microSD bo‘lmachasi bo‘ladi. Xiaomi Beryllium qadoqdayoq Android 8.1 Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan MIUI 10 proshivkasi boshqaruvida ishlaydi. 

Smartfon bir necha oylardan ko‘ng sotuvga chiqariladi. Ayrim ekspertlarga ko‘ra, gadjet avgustdayoq sotuvga chiqadi va bozorda raqib kompaniyalarning kuchli flagmanlariga qarshi kurashadi. Uning oxir-oqibat "Mi 8S" yoki "Mi 8 Pro" deb ham nomlanishi taxmin qilinmoqda. Aytishlaricha, yangi devaysdagi batareya sig‘imi 4000 mA soatdan oshadi. Uning Quick Charge 4.0+ texnologiyasi asosida quvvat olishini hisobga olsak, imkoniyatlar yuqori.