Xiaomi bosh direktori Mi MIX 2’ning qutisini ko‘rsatdi

  •   DiMaX
  •  1356
  •  05.09.2017 11:38

Xiaomi bosh direktori Mi MIX 2’ning qutisini ko‘rsatdi

Haqli ravishda «Xitoycha Apple» deya ta’riflanuvchi bu kompaniya o‘zining romsiz Mi MIX 2 smartfonini iPhone 8 taqdimotidan bir kun avval – 11 sentyabrda namoyish etmoqchi ekanligidan xabaringiz bor. Shuningdek, bungacha mazkur qurilmaning reklama uchun amalga oshirilgan suratga olish jarayonida tushirilgan fotolarini ham taqdim qilganmiz.

Endi esa, Mi MIX 2 smartfonining qutisini ham namoyish etdi, deya xabar beradi GizmoChina resursi.  Sayt vakillarining aytishlaricha, bu fotosuratni ularga kompaniyaning bosh direktori Ley Szyun taqdim etgan.

Kompaniyaning joriy flagmani – Mi 6 orqali olingan bu suratda ikkita qora quti aks ettirilgan (aniqrog‘i, qutilar bir xil, faqat bittasi old, ikkinchisi esa – orqa tomoni). Qutilarga tillarang yozuvda yozilgan: old tomonida MIX logotipi, orqa tomonida esa – direktorning imzosi tushirilgan xitoycha bitik. Bu bitikda kompaniya o‘z mijozlarining istaklarini qondirish uchun maksimum tarzda harakat qilishi va’da etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, mazkur flagman xotira hajmiga ko‘ra ikki xil talqinda taqdim etiladi. Birinchisi 6 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik ichki xotiraga ega bo‘lib, 610 dollarga baholanadi. 8 gigabaytlik tezkor hamda 256 gigabaytlik doimiy xotira o‘rnatilgan ikkinchi talqiniga bo‘lsa 765 dollar narx belgilangan.

Taqdimotga oz qoldi, tafsilotlardan birinchilar qatorida bahramand bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!