Xiaomi "eng arzon kuchli flagman"ni tayyorlayotgani tasdiqlandi

Xiaomi

Xiaomi barchaga birdek manzur bo‘ladigan ilg‘or smartfon tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi, uning yordamida kompaniya dunyoni "zabt etmoqchi". Kecha, ya’ni 29 iyul kuni Xitoylik korporatsiyaning Xiaomi Pocophone F1 deb nom olgan yangi devaysida oid ishonchli ma’lumotlar e’lon qilindi. Bu devays eng ilg‘or jihatlarga ega bo‘lgan jahondagi eng arzon flagman smartfon bo‘ladi.

Xiaomi Pocophone F1 smartfoni Xitoyning kommunikatsiya vositalarini ro‘yxatga oluvchi TEENA muassasasida hisobga olindi. Unda ma’lum bo‘lishicha, gadjet 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 protsessoriga ega bo‘ladi, uning chastota intervali 2,8 GGs. Yana bir o‘ziga xosligi telefonda Black Shark o‘yin smartfonidagi kabi sovitish tizimi bo‘ladi. Bu esa protsessorning ishlash samaradorligini maksimal darajada oshiradi.

Tasvirlarni qayta ishlash uchun Adreno 630 modelim, aloqa va ma’lumotlarni uzatish sifati uchun X20 LTE modemi mas’ul bo‘ladi. Bu aloqa modemi sekundiga 1,2 Gbit ma’lumotni o‘tkazish imkoniga ega. 6 GB operativ hamda 64/128 GB doimiy xotira ham platformaning samarali ishlashi uchun ayni muddao.

Bundan tashqari, ushbu telefon apparati eng yaxshi kamerafonlardan biri bo‘ladi. 12 Mp hamda 5 Mp sensorlardan tarkib topgan bosh kamerada 2 karralik optik yaqinlashtirish funksiyasi joriy qilinadi. Kameradagi bosh sensor 1,4 mkm pikselli surat oladi, unda Dual Pixel-avtofokus texnologiyasi tatbiq etiladi.

Old panelda selfi olish uchun 20 megapikselli fotokamera o‘rnatiladi. Old kameradagi Super Pixel texnologiyasi yuqori sifatli selfi olish imkonini beradi. Shu bilan birga, devaysda foydalanuvchi qiyofasini to‘laqonli tekshiruvdan o‘tkazadigan 3D Face skaneri ham bo‘ladi. Bu skaner infra-qizil datchik hisobiga tunda ham bemalol ishlaydi.

Xiaomi Pocophone F1 qadoqdayoq Android 8.1 Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan MIUI 10 proshivkasi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Xiaomi Pocophone F1 modeli ikki talqinda ishlab chiqariladi. 6/64 GB xotira yoki nisbatan yuqori 6/128 GB xotira talqinlari.

Devays Quick Charge 4.0+ tezkor quvvat olish hamda Qi standarti bo‘yicha simsiz quvvat olishi bilan diqqatni tortadi. Simsiz quvvat olishi uchun devays korpusining shisha hamda keramikadan tayyorlanishi kutilmoqda. Smartfon jahon bozorida 450 AQSh dollaridan boshlab sotiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!