Xiaomi kuchli flagmanlar «kushandasi»ni tayyorlamoqda

Xiaomi kuchli flagmanlar «kushandasi»ni tayyorlamoqda

Xiaomi bu yil alohida ishtiyoq bilan raqobatga kirishgan. Kompaniya turli-tuman smartfonlarni ishlab chiqarishni reja qilmoqda. Hamyonbop, o‘rta narx va qimmatbaho smartfon modellari orasida premium-smartfon ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, brendning bu modeli raqib flagmanlarga «kushanda» bo‘ladi. Bu to‘g‘rida PhoneRadar nashri xabar tarqatgan.

Shu yilning fevralida Xiaomi kompaniyasi Black Shark nomli bo‘linmasini ishga tushirgan edi. Kuni kecha bu bo‘linma smartfon bozoridagi eng kuchli flagmanlarga qarshi smartfonlar ishlab chiqarishi ma’lum bo‘ldi.

Insayderlarning so‘zlariga ko‘ra, xitoylik korporatsiya reja qilayotgan ilk smartfon so‘nggi texnika hamda texnologiyalar bilan birga, o‘yin o‘ynashga ham mo‘ljallangan bo‘ladi.

Xiaomi bu modelni romsiz dizayndagi, kadrning yangilanish chastotasi 120 Gs bo‘lgan IPS-ekran bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, bu smartfon uchun yilning eng kuchli chipi -- 8 yadroli, 2,8 GGs chastota tezligida ishlaydigan Snapdragon 845 protsessori, Adreno 630 video kartasi tanlanadi.

Devaysning o‘ziga xosliklari sifatida stereodinamiklarni, 10 gigabaytli tezkor xotirani, 256 gigabaytli doimiy xotirani aytish mumkin. Gadjetga USB Type-C porti, 5000 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyator, Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.0 LE hamda NFC modullari o‘rnatiladi.

Aytish joizki, bu ilg‘or smartfon innovatsion texnik jihatlar bilan ta’minlanish barobarida, narx borasida ham kamtar bo‘ladi. Agar Samsung shunday smartfon ishlab chiqarganida, uning bahosi $1100 AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan bo‘lar edi. Xiaomi esa kamtarlik qilib, foydani ko‘zlamayapti va kuchli gadjetini $700 AQSh dollariga narxlashga qaror qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi ijodiga mansub eng kuchli flagmanlar «kushandasi» 2018 yilning ikkinchi yarmida taqdim etiladi. Ekspertlarning fikricha, bu flagman yozda, aniqrog‘i avgustda taqdim etiladi. Chunki aynan shu vaqtda Samsung va Apple yangi mobil aloqa vositalarini namoyish qiladilar.