Xiaomi Mi 7: yashiradigan sirning o‘zi qolmadi

Xiaomi Mi 7: yashiradigan sirning o‘zi qolmadi

Kecha, nihoyat taniqli insayderlar tomonidan ko‘pchilik kutayotgan yangi flagmanning haqiqiy suratlarini e’lon qildilar. Xiaomi Mi 7 smartfonining suratlaridan ma’lum bo‘lishicha, barmoq izi skaneri old panelda, ya’ni displeyga joylashtirilgan.

Bu esa mobil qurilma ekrani uchun OLED-matritsa tanlanganidan darak beradi. Sababi Synaptics kompaniyasi taklif etayotgan virtual barmoq izi skaneri boshqa matritsada faoliyat ko‘rsata olmaydi.

Xiaomi Mi 7 smartfonining orqa paneli shishadan tayyorlangan va ko‘rinishi nihoyatda jozibador. Bu esa flagman simsiz quvvat olish texnologiyasiga ham ega bo‘lishini isbot qiladi. Mi MIX 2S flagmani xuddi shu funksiyaga ega bo‘lgan.

Orqa panelning yuqori chap qismida qo‘sh sensorli bosh kamera vertikal usulda joylashtirilgan.

Xiaomi Mi 7 smartfonining old paneli brendning boshqa smartfon modellariga qaraganda g‘alati ko‘rinishi mumkin. Ya’ni, shu vaqtga qadar Xiaomi biror smartfonining ekraniga o‘yiq tushirmagan edi. Mi 7 modeli esa iPhone X'nikiga o‘xshash displey kesimiga ega bo‘lgan.

O‘qing: Birgina startapning bahosi $4,5 mlrd dollarga yetdi

Ekran ostida esa sezilarli o‘lchamdagi virtual hoshiyaga duch kelamiz. Bu esa old panelning jozibadorligiga ta’sir qiladi.

Insayderlar e’lon qilgan yuqoridagi suratlarga asoslanadigan bo‘lsak, bo‘lajak flagman 6,01 dyuymli hamda 2160 ga 1080 pikselli (Full HD+), tomonlari 18:9 nisbatli ekran bilan ta’minlanadi.

Kompaniya rahbariyati e’lon qilgan rasmiy xabarlarga ko‘ra, smartfon 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 protsessorida ishlaydi. Uning chastota tezligi 2,8 GGs bo‘ladi. Grafika va tasvirni qayta ishlashga Adreno 630 video kartasi, aloqa uchun esa 1,2 Gbit/s tezligida ishlaydigan X20 LTE modemi mas’ul bo‘ladi.

O‘qing: Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Xitoy yuritayotgan ijtimoiy reytingga qarshi chiqishmoqda

Ma’lumki, Xiaomi Mi 7 modelida masofadan turib to‘lovlarni amalga oshirish uchun NFC moduli ham bo‘ladi.

Bo‘lajak xitoylik flagman xaridorlarga ikki talqinda taqdim qilinadi -- 6/64 GB xotirali hamda nisbatan ilg‘or 8/128 GB xotirali talqinlarda. Hozircha narx masalasida aniq biror xabar yo‘q.

Smartfon qadoqdayoq Android 8.1 Oreo'ga asoslangan MIUI 9.5 proshivkasiga ega bo‘ladi. U Project Treble loyihasi doirasida yangilanishlarni Google'dan olib turadi.

Xiaomi Mi 7 taqdimoti shu yilning may-iyun oylari oralig‘ida kutilmoqda.