Mi Max 3 yilning eng maftunkor smartfoni bo‘ladi

Mi Max 3 yilning eng maftunkor smartfoni bo‘ladi

Bir oydan oshibdiki, insayderlar 2018 yilning ikkinchi choragida sotuvga chiqarilishi kutilayotgan Xiaomi Mi Max 3 smartfoni to‘g‘risida ko‘p va xo‘p yozishmoqda. Yangi model nisbatan kuchli va ilg‘or texnik jihatlarga, xususan tomonlari nisbati 18:9 standartli bo‘lgan ulkan, romsiz va 6,99 dyuymli, piksel sig‘imi yuqori, IPS matritsali displeyga ega bo‘ladi. Bugun esa Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida mazkur devays aks ettirilgan ikki surat e’lon qilindi.

Uning "ikkinchi avlod" Mi Max modelidan farqi ham romsiz ekrani bo‘ladi. Gadjet ko‘rinishidanoq diqqatni oladi va o‘ziga maftun qiladi.

Suratlarga hamda ishonchli manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, Xiaomi Mi Max 3 smartfonining displey ostida operatsion tizimni boshqarish uchun an’anaviy virtual tugmalar bo‘ladi. Telefon orqa paneli metalldan ishlab chiqarilmoqda.

Ma’lumki, "Mi Max" turkumida asosiy e’tibor tasvir va ovoz sifatiga qaratiladi. Shu bois, orqa panelda bir modulli kamera o‘rnatilishi kutilmoqda. Biroq, bugun "Syayumi" arzon modellariga ham qo‘sh sensorli kamera o‘rnatayotganini hisobga olsak, Mi Max 3 ham bunday trendga ega bo‘lishi mumkin. Korpusning tomida infra qizil nurli datchik bo‘lib, u orqali boshqa maishiy texnikalarni masofadan boshqarish mumkin.

3,5 mm o‘lchamidagi audio quloqchinlarga mo‘ljallangan tuynuk Xiaomi Mi Max 3'ning quyi qismidan o‘rin olgan.

Smartfon samaradorligi uchun bugun flagmanlardan bir oz ortda bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 630 protsessori mas’ul. Devaysning akkumulyator batareyasi 5500 mA soat tok sig‘imiga ega. Smartfon 3/4 GB operativ hamda 64/128 GB doimiy xotiraga ega bo‘ladi. Xiaomi Mi Max 3'ning eng yuqori konfiguratsiyasida nisbatan kuchli bo‘lgan Snapdragon 660 protsessorining o‘rnatilishi kutilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, Xiaomi Mi Max 3 chindan ham suratdagi kabi jozibador bo‘lsa, shubhasizki 2018 yilning eng maftunkor smartfonlaridan biri bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.