Xiaomi Mi Mix 2S flagmani taqdim qilindi

Xiaomi Mi Mix 2S flagmani taqdim qilindi

Uzoq kutilgan voqea sodir bo‘ldi: Xiaomi kompaniyasi smartfon sanoatida taqdimotdan avval shov-shuv ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgan Mi Mix 2S smartfonini taqdim qildi. Smartfon romdan xoli bo‘lgan ekrani, qo‘sh sensorli bosh kamerasi, "ajdodi"ga qaraganda yengil va ixchamligi bilan diqqatga sazovor. Shu bilan birga, Mi Mix 2S Xiaomi'ning simsiz quvvat oladigan ilk smartfoni bo‘ldi.

Xiaomi Mi Mix 2S bir qarashda avvalgi modelni eslatib yuboradi. Oldingi model bilan solishtirganda, Xiaomi Mi Mix 2S flagmani old panelining quyi hoshiyasi bir oz qisqargan. Old panel quyisida, o‘ng burchakda esa selfi kamera joylashgan.

Smartfon orqa paneli shisha xomashyosidan, yon romlar esa 7000 seriyasiga mansub toza alyuminiy metallidan tayyorlangan. Shu bilan birga, smartfonning korpusi keramikadan tayyorlangan maxsus talqini ham ishlab chiqariladi.

Oddiy talqin qora rangli, keramika talqini esa oq rangli korpusda ishlab chiqariladi.

Texnik jihatlar va platforma
Xiaomi Mi Mix 2S flagmani 5,99 dyuymli, IPS matritsali, tomonlari 18:9 nisbatli, sig‘imi Full HD+ (2160 x 1080 pikselli) ekranga ega bo‘lgan. Ya’ni, o‘zgarishsiz qolgan.

Orqa panelda barmoq izi skaneri hamda 2 ta, har biri 12 megpiksel aniqligida surat oluvchi, shuningdek optik yaqinlashtirish funksiyasi joriy qilingan bosh kamera sensorlari joylashtirilgan. Bu sensorlarning asosiysi uchun ilg‘or -- Sony IMX363 kamera moduli tanlangan.

Bosh kamerada portret rejimida ham surat olsa bo‘ladi.

Xiaomi Mi Mix 2S devaysining old kamera ham ilg‘or va unda "sun’iy aql" texnologiyasi tatbiq etilgan bo‘lib, uning yordamida smartfonni yuz-qiyofa orqali blokirovkadan chiqarish mumkin.

Xiaomi Mi Mix 2S flagmani uchun kuchli Qualcomm Snapdragon 845 flagman protsessori tanlangan. Shu bilan birga, 8 gigabaytli tezkor xotira smartfon imkoniyatini yanada oshiradi. Doimiy ma’lumotlarni saqlash uchun smartfonda 256 gigabaytli xotira kartasi o‘rnatilgan. microSD bo‘lmachasi orqali buni yanada kattalashtirish mumkin.

Xiaomi Mi Mix 2S flagmanining akkumulyatori 3400 mA soat hajmidagi elektr quvvatni jam qiladi. Bu akkumulyatorni Quick Charge 3.0 texnologiyasi yordamida tezkor quvvatlash mumkin. Shu bilan birga, bu batareya Qi standarti bo‘yicha simsiz ham quvvat oladi. Buning uchun alohida quvvatlash stansiyasi xarid qilish kerak.

Xiaomi Mi Mix 2S modeli 2 ta SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon LTE, Wi-Fi (802.11ac), Bluetooth 5.0, GPS hamda NFC tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatadi.

Devaysning qadoqdayoq Android 8.0 Oreo boshqaruvida ishlashi ham o‘ziga xos muhim jihat.

Xiaomi Mi Mix 2S flagmani 3 apreldan sotila boshlaydi.

Narx-navosi:

Xiaomi Mi Mix 2S 6+64 GB — 527 AQSh dollari;
Xiaomi Mi Mix 2S 6+128 GB — 575 AQSh dollari;

Maxsus Xiaomi Mi Mix 2S talqini — 8+ 256 GB: 639 AQSh dollari.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!