Xiaomi Mi Mix 3 – haqiqiy romsiz flagman sirlari oshkor bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  1777
  •  11.12.2017 16:46

Xiaomi Mi Mix 3 – haqiqiy romsiz flagman sirlari oshkor bo‘ldi

Birinchi avlod Xiaomi Mi Mix smartfoni – old tomonini romsiz ekran deyarli butkul egallagan ilk mobil qurilma bo‘lib, bozorga 2016 yilning oxirida chiqarilgan. 2017 yilning boshidanoq ko‘pgina smartfonsozlar uning dizaynidan nusxa ola boshladilar va natijada hozirda ko‘plab kompaniyalar o‘zlarining romsiz displeyli smartfonlarini chiqarishgan. Joriy yilning sentyabriga kelib esa Xiaomi o‘zining Mi Mix 2 modelini taqdim etdi; u yanada ilg‘or texnik xususiyatlarga va ixchamroq o‘lchamga ega bo‘lib chiqdi.

O‘QING: Yilning kutilgan smartfoni – romsiz Xiaomi Mi Mix 2 taqdim qilindi

Endi esa, «xitoycha Apple» 2018 yilning o‘rtalaridayoq Mi Mix 3 flagmanini taqdim etishi aytilayotir. Bugun uning dizayniga oid ayrim sirlar oshkor etildi, deb yozadi AKKet nashri.

Xususan, Slashleaks resursi manbalari Xiaomi Mi Mix 3 smartfonining orqa qopqog‘i suratini taqdim etishgan. Unga ko‘ra, ushbu gadjetning asosiy kamerasi qo‘sh ob’yektivga ega bo‘ladi. Mi Mix turkumining dastlabki ikkita avlodida bu xususiyat uchramasligini inobatga olsak, navbatdagi model bu borada birinchisi bo‘ladi. Xiaomi’ning boshqa «qo‘sh ko‘zli» mobil qurilmalaridan farqli ravishda, Mi Mix 3 gadjetida bu ob’yektivlar tikka joylashadi. Fotochaqnoq shu datchiklar o‘rtasida joylashuvi bilan ham bu flagman iPhone X’ga o‘xshab ketadi.

Shu tariqa, 2018 yilga kelib haqiqiy romsiz flagman – Mi Mix 3’ni ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Yuksak texnik xususiyatlariga qo‘shimcha tarzda ikkita modulli kamerasi bo‘lishi Xiaomi’ning ko‘pchilik smartfonsozlardan yana bir qadam ilgarilashiga sabab bo‘ladi. Qo‘shaloq kamera orqali smartfon egalari orqa fonni xiralashtirib fotosuratlar olishlari, tasvir sifatini yo‘qotmasdan ikki karrali zumdan foydalanishlari mumkin.

O‘QING: Xiaomi fanatlari 5 yil kutgan xususiyat Mi 7’da joriy etiladi

Xiaomi Mi Mix 3 rasmiy taqdimoti 2018 yilning yozida bo‘lib o‘tishi aytilmoqda. Bu flagman romsiz AMOLED-ekrandan tashqari, Qi standarti bo‘yicha simsiz quvvatlash texnologiyasiga va yuzni skanerlash tizimiga ham ega bo‘ladi. U sakkiz yadroli ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bazasida ishlaydi, yuqori konfiguratsiyasida 8 GB tezkor va 256 GB doimiy xotira bo‘lishi aytilayotir. Mazkur flagman simsiz texnologiyalardan Bluetooth 5.0, Wi-Fi 802.11ad (yangi standart) hamda Android Pay to‘lov tizimi bilan ishlash uchun NFC kabilarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi flagmanning narxi borasida hozircha ma’lumot chiqmagan.

O‘QING: Xiaomi’ning Mi turkumi smartfonlariga «Malika»da so‘mda belgilangan narxlar (2017 yil 23 noyabr)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.