Xiaomi Mi7'dagi bir jihat uning savdosiga salbiy ta’sir qiladi

Xiaomi Mi7'dagi bir jihat uning savdosiga salbiy ta’sir qiladi

2017 yilda Apple kompaniyasi jamoatchilik e’tiboriga iPhone X flagmanini taqdim qilganida, ko‘pchilik ekspertlar va muxlislar bu modelning ustidan kulib, norozilik bilan qarshi olgan edilar. Buning sababi -- yangi ayfonning ekrani ustidagi o‘yiq bo‘lgan.

Shu yilning fevralida esa ko‘plab Android-smartfon ishlab chiqaruvchilari aynan ayfonniki kabi "qosh-ko‘zli" smartfon ishlab chiqarishga kirishib ketganlari ma’lum bo‘ldi. Xuddi shu jihat Xiaomi Mi 7 modelida ham bo‘lishi ko‘pchilikning diqqatini oshirmoqda.

Aksariyat foydalanuvchilarning fikricha, old panel yuqorisida o‘yig‘i bor smartfonlarni xarid qilmaslik kerak. Boisi, bunday o‘yiqlar smartfonda biror kontentni ko‘rish yoki o‘qishga xalaqit qiladi. Biroq, ishlab chiqaruvchilar bu norozilikka e’tibor qaratishmayapti.

Bugun Weibo tarmog‘ida IT-korporatsiyalar orasida shuhrat qozonayotgan Xiaomi kompaniyasining yagi flagmani bo‘lmish Xiaomi Mi 7 smartfonining old paneli aks etgan surat tarqaldi. Unga ko‘ra bu model ham "ayfonomaniya"ga yo‘liqqan va ekran ustida mashhur o‘yiq qoldirilgan.

Shu bilan birga, Xiaomi Mi 7 devaysining ekrani ostida sezilarli hajmdagi bo‘shliq ham mavjud. Bu esa old panel dizaynini buzib turibdi. Yangi smartfonining ekran ustida o‘yiq ishlagan kompaniya o‘z muxlislarini ikki guruhga bo‘lib qo‘ydi: birinchi guruh yangi smartfon xarid qilish istagida bo‘lsa, ikkinchi guruh bunday o‘yiq evaziga Mi 7 devaysini xarid qilmasligi mumkin.

Qolaversa, Xiaomi Mi 7 ekrani ustidagi o‘yiq hajmi ham sezilarli darajada katta. Boisi, bu yerda yuzni uch o‘lchamda tekshiruvdan o‘tkazadigan skaner egallagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu skaner har qanday sharoitda ishlaydi va ma’lumotlar xavfsizligini 100% ta’minlay oladi, xuddi iPhone X kabi.

Hozircha e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, Xiaomi Mi 7 aprel-may oylari oralig‘ida taqdim qilinadi. Uning kuchli jihati sifatida Qualcomm Snapdragon 845 protsessori hamda 8 gigabaytli operativ xotirasini aytish mumkin.

Darvoqe, ertaga -- 27 mart kuni kompaniyaning Xiaomi Mi MIX 2S smartfoni taqdim qilinadi. Bu to‘g‘ridagi ilk ishonchli xabarlarni bizda kuzatib boring.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!