Xiaomi Mi7: muhim innovatsion jihat tasdiqlandi

Xiaomi Mi7: muhim innovatsion jihat tasdiqlandi

Ikki yildirki smartfon sanoatidagi muhim o‘zgarish haqida muntazam yozib kelyapmiz. Aniqrog‘i barmoq izi skanerining ekranga virtual tarzda joylashtirilishi xususida. Kimdir buni birinchi bo‘lib Samsung flagmanlarida tatbiq etilishini kutgan bo‘lsa, boshqalar bu borada Apple ilk devayslarini ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Oxir-oqibat bu texnologiyani smartfonga o‘rnatishga hech kim kutmagan xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilar, ya’ni Vivo hamda Huawei jur’at qildi. Bugun esa Xiaomi kompaniyasi navbatdagi flagmanida barmoq izi skanerini ekran ostiga joylashtirayotgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Xiaomi internet tarmog‘ida tashkil qilgan forumda muxlislardan biri kompaniya rahbari Ley Szyundan Mi7 flagmanining displey skaneriga ega bo‘lish bo‘lmasligi haqida so‘ragan. Kompaniya rahbari raqiblaridan qolishmaslik uchun bu texnologiyaning flagmanda bo‘lishini sir tutmagan.

Taniqli insayderlarning dasturchilarga tayanib ma’lum qilishlaricha, flagman uchun tayyorlanayotgan operatsion tizim kodlarida ham virtual skanerning borligini o‘z isbotini topgan. Uning Face ID kabi murakkab tizim bo‘lishi yoki oddiy algoritmga asoslangan dasturiy ta’minot bo‘lishi ma’lum qilinmagan.

Flagmanning 5,65 dyuymli IPS-ekranining tomonlari esa o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘ladi, uning tasvir aniqligi 2160x1080 pikselli.

Xiaomi Mi 7 telefonining talqinlaridan biri eng kuchli hisoblangan 8 yadroli Snapdragon 845 chipsetiga ega bo‘ladi. Bu protsessorning chastota tezligi 2,8 GGs, unga Adreno 630 video kartasi o‘rnatilgan. Shu bilan birga chipdagi X20 LTE modemi aloqa tarmog‘iga soniyasiga 1,2 Gbit tezligida ulanish imkonini beradi.

430 AQSh dollari bahosida sotilishi taxmin qilinayotgan devaysning shu yilning 4 iyunida taqdim qilinishi aytilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.