Xiaomi'ning dastlabki smartfoni Android 8.0 Oreo'ga ega bo‘ldi

Xiaomi'ning dastlabki smartfoni Android 8.0 Oreo'ga ega bo‘ldi

2017 yilning so‘nggi kunlariga qadar Xiaomi kompaniyasining barcha smartfonlari Android 7.1 Nougat'ning firma tomonidan o‘zlashtirilgan MIUI 9 operatsion tizimiga ega bo‘ldi. Bungacha esa Google tomonidan yanada ilg‘or bo‘lgan Android 8.0 Oreo operatsion tizimi barcha smartfon ishlab chiqaruvchilari uchun ochiq deb e’lon qilingan edi. Android 8.0 Oreo tizimdagi maqbullashtirishlar natijasida bu tizim boshqaruvida smartfonning ishlash tezkorligi Android 7.1 Nougat'dagiga qaraganda 10-25% ga oshadi.

Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, platforma avvalgi tizimlardan 2 barobar tez ishlaydi va yuklanadi. Uning xavfsizligi uchun alohida Google Play Protect funksiyasi ishlab chiqilgan.

Kecha Xiaomi kompaniyasi o‘zining dastlabki smartfonini Android 8.0 Oreo'ga asoslangan MIUI 9 operatsion tizimiga yangiladi. Endi brendning eng yaxshi va qimmatbaho smartfoni deb hisoblanayotgan Mi MIX 2 flagmani Google ishlab chiqqan eng yaxshi mobil funksiyalarga ega proshivkaning xalqaro talqinini yangilab olishlari mumkin.

Android 8.0 Oreo operatsion tizimining ilk talqinini Xiaomi Mi MIX 2 smartfonida foydalanib ko‘rish istagida bo‘lganlar Mi forumida ariza berishlari, mobil qurilmalari haqidagi ma’lumotnomani ingliz tilida to‘ldirishlari kerak bo‘ladi. Oradan 48 soat o‘tib ular Android 8.0 Oreo tizimidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.