Xiaomi'ning o‘rta narxli, yurtimizda sotilayotgan smartfoni kuchli kamerafonlarni uyaltirdi

Xiaomi'ning o‘rta narxli, yurtimizda sotilayotgan smartfoni kuchli kamerafonlarni uyaltirdi

Xiaomi Mi Note 3 kamerasi surat olishda iPhone 7 Plus hamda iPhone 7 flagmanlarini ortda qoldirdi. Bu to‘g‘ridagi xulosani DxOMark kamera sifatini baholaydigan benchmark mutaxassislari taqdim etishdi. Xitoylik subflagman bilan o‘tkazilgan sinovlarda Xiaomi Mi Note 3 smartfoni 2016 yilning eng yaxshi kamerafonlari bo‘lgan HTC U11 va Google Pixel bilan bir xil ball to‘plagan. DxOMark testlarida "xitoylik Olma"ning Mi Note 3 modeli 90 ball to‘plagan.

5,5 dyuymli apparat joriy yil birinchi yarim yilligida taqdim qilingan Mi6'ning yanada kattalashgan "merosxo‘ri".

Mi Note 3 bosh kamerasi 2 modulli, har biri 12 Mp sig‘imli. Ularning yordamida ob’yektni 2 karra yaqinlashtirib yoki orqa fonni g‘ira-shira qilib ham suratga olish mumkin. Old kamera — 16 megapikselli. Kamerada foydalanuvchi qiyofasini tanish funksiyasi ham tatbiq qilingan.

DxOMark mutaxassislarga ko‘ra, smartfondagi 2 karra yaqinlashtirib suratga olish funksiyasi yordamida detallarga boy, "raqamli shovqin"dan xoli tasvir olish mumkin. Bu gadjet kamerasining kuchli jihatlari qatorida avtofokus tizimining aniq va tezkor ishlashi aytilmoqda.

O‘qing: Xiaomi qo‘sh kamerali, o‘rta narxli Mi Note 3'ni ham taqdim qildi

Shu bilan birga, Mi Note 3 kamerasi tasvirdagi orqa fonni g‘ira-shira qilib olishda ham juda mohir kamerafon. Shuningdek, kamerafon video tasvirga olayotgan yorug‘lik past sharoitda bir oz oqsashi kuzatiladi. Biroq, bu aksariyat flagmanlar bilan ham bog‘liq holat.

Quyidagi suratlar misolida bu devays kamerasiga o‘zingiz baho bering:

Ekspertlarning fikricha, umuman olganda, Xiaomi o‘rta narxli smartfonda shu vaqtga qadar kuchli hisoblangan flagmanlarga xos "o‘tkir ko‘z"larni tatbiq qilishga erishgan.

Eslatib o‘tamiz, Mi Note 3'ning 6 GB "operativka" va 64 GB doimiy xotirali talqini Xitoyda 375 AQSh dollari, 6/128 GB modeli 435 dollar, maxsus ko‘k rangli, 6/128 GB talqini 450 dollardan sotuvga chiqarilgan. Ayni paytda Mi Note 3'ning boshlang‘ich talqini yurtimizda o‘rtacha 400 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Xiaomi Mi Note 3'da "flagman chip"dan bir qadam orqada bo‘lgan Snapdragon 660 protsessori o‘rnatilgan. Mi Note 3 smartfonidagi operativ xotira 6 GB, doimiysi — 64 yoki 128 GB. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi — 3500 mA soat. Tezkor quvvatlash texnologiyasi mavjud.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.