Xitoy 530 million nafar 4G foydalanuvchisiga xizmat ko‘rsatmoqda

Xitoy 530 million nafar 4G foydalanuvchisiga xizmat ko‘rsatmoqda

Xitoyda 4G aloqa tarmog‘idan foydalanuvchilar soni 530 million nafarga yetdi. Bu haqda Xitoyning Sinxua axborot agentligi xabar tarqatmoqda. Bu raqam AQSh va Yevropada mazkur aloqa texnologiyasidan foydalanuvchilarning sonidan ham katta.

Mamlakat bo‘ylab 2 milliondan ziyod 4G baza stansiyalari o‘rnatib chiqilgan. Ayni paytda mamlakatning barcha shahar va aholi maskanlari 4G tarmog‘ining signallari bilan qamrab olingan bo‘lib, Xitoy 4G’dan foydalanuvchi eng ko‘p aholi istiqomat qiladigan mamlakatga aylangan.

Mobil internet foydalanuvchilarining soni bo‘yicha ham Xitoy peshqadam bo‘lib, bu yerda 619 million nafar kishi, ya’ni internet foydalanuvchilarining 90 foizi xalqaro aloqa tarmog‘idan mobil qurilma orqali foydalanadi.

Xitoy iqtisodiyotida ham internet sohasi muhim o‘rin egallab, Xitoy internet iqtisodiyotining miqdori 171 milliard AQSh dollariga teng.

Ayni paytda joriy qilinayotgan 4G LTE tarmog‘ida abonentlar mobil qurilmalaridan HD-videolarni ko‘rishlari, katta hajmdagi ma’lumotlarni ko‘chirib olishlari va yuklashlari, internetdagi «og‘ir» fayllar bilan ishlashlari, vebinar va videokonferensiyalarda ishtirok etishlari, e’ni yuqori tezlikni hamda aloqaning a’lo sifatini talab etuvchi harakatlarni bajarishlari mumkin. Ma’lumot almashinuvining eng yuqori tezligi 70-100 Mbit/cgacha yetishi mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!