“Xitoy smartfoni”ni xarid qilishda e’tibor qilish zarur 8 jihat 

“Xitoy smartfoni”ni xarid qilishda e’tibor qilish zarur 8 jihat 

2016 yilning martida e’lon qilingan jahonning 12 ta peshqadam smartfon ishlab chiqaruvchilari ro‘yxatidagi kompaniyalarning 8 nafari Xitoyga qarashli brendlar edi.

Bugun Huawei, Xiaomi, Vivo, Oppo kabi kompaniyalarning jahon miqyosidagi o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanib bormoqda.

Ammo bu brendlar ishlab chiqarayotgan mobil aloqa vositalarining hammasi ham Xitoydan tashqaridagi foydalanuvchi uchun maqbul bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli, ularni xarid qilishdan avval quyidagi tavsiyalarga amal qilganingiz ma’qul.

xiaomi-mi5

  1. Xarid qilishni ko‘zlagan smartfon haqida o‘rganing.

Bugun axborot texnologiyalari sohasiga bag‘ishlangan saytlar, manbaa va insayderlar juda ko‘p. Ular ommabop va yangi smartfonlar haqidagi tavsiflarni muntazam e’lon qilib borishmoqda. Bu esa bozorga borishdan avval, moliyaviy holatingizdan kelib chiqib, smartfon brendi va modelini tanlang, o‘zingiz ko‘zlagan gadjet to‘g‘risida yaxshilab bilib olishga yordam beradi.

Ayniqsa, hali nomi chiqmagan VSun, Doogee, Elephone va Cubot kabi brendlarning mahsulotlariga oid ma’lumotlarni tadqiq qiling.

  1. Smartfonni 4G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashiga e’tibor bering.

Yaqin yillargacha qo‘l telefonidan asosan qo‘ng‘iroq qilish, SMS-xabar almashishda foydalanib kelinar edi. Bu aloqaning 2G tarmog‘ida amalga oshirilgan. Keyingi 3G tarmog‘i esa internetga kirib, ma’lumotlar olishga xizmat qildi. Ammo bugungi video almashish va muloqot qilish, internetdan foydalanish uchun bu tarmoqni kuchi yetmaydi. Buning uchun smartfon 4G aloqa texnologiyasida ishlashi kerak bo‘ladi.

Hamma ham smartfonida tezkor internetdan foydalanishni istaydi. Smartfonni xarid qilish asnosida uning sizni hududingizda LTE’ning to‘g‘ri tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashiga diqqat qiling.

Ko‘pchilik Xitoy smartfonlari LTE’ning 20-tarmog‘i (chastota diapazoni)ni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu esa bu smartfon bilan mazkur chastotada 3G yoki 4G aloqa tarmog‘ini ko‘rsatuvchi kompaniyalarning xizmatidan foydalanib bo‘lmasligini anglatadi. Qo‘llanmada mobil aloqa vositasining qaysi tarmoqda xizmat ko‘rsatishi yozilgan bo‘ladi.

  1. Operatsion tizim va ishlab chiqaruvchi haqida ma’lumotni o‘rganing.

Smartfonga oid aniqlash kerak bo‘lgan keyingi muhim jihat, bu – ishlab chiqaruvchi tomonidan gadjetda joriy qilingan operatsion tizim talqini. Agar operatsion tizim yaxshi ishlamasa, smartfonning tezkor xotirasi yoki protsessori ham samarali ishlashiga yordam bera olmaydi.

Gap shundaki, hamma Android ishlab chiqaruvchisi ham operatsion tizimni yangilash, undagi ilovalarni takomillashtirishda faol emas.

Misol uchun, Xiaomi kompaniyasining muvaffaqiyatini uning Android operatsion tizimi negizida ishlab chiqan MIUI moslashtirilgan talqinidagi ilg‘orlik, tezkorlik bilan bog‘lash mumkin.

Mazkur talqinda nosozliklar deyarli uchramaydi, unda Google xizmatlaridan samarali foydalanish mumkin.

Bunga oid ma’lumotlarni internetga kirib, axborot texnologiyalari saytlarida foydalanuvchilar qoldirgan munosabat orqali bilib olish mumkin.

Xiaomi ilovalarini muntazam yangilab, mijozlarga Android tizimini yanada qulay talqinlarda taqdim etib keladi.

Bu kuchli smartfon olish, smartfondan uzoq vaqt foydalanish istagida bo‘lganlar uchun muhim tavsiya. Aks holda, jimjimador bo‘lib ko‘ringan mobil aloqa vositasi ko‘p o‘tmasdan “hunarini” ko‘rsata boshlaydi.

Xiaomi Mi Max

  1. “Mijoz doimo haq” tamoyiliga amal qiluvchi ishlab chiqaruvchini tanlang.

Smartfon xaridining yana bir muhim jihati shuki, siz imkon qadar mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazlariga, ya’ni “servis markazlari”ga ega brend tanlang.

Misol uchun, O‘zbekistonda Xitoyning ZTE, HUAWEI,  Lenovo kabi kompaniyalari o‘zlarining xizmat ko‘rsatish markazlariga ega. Shuningdek, smartfon sotadigan yirik do‘konlarning ham xuddi shu kabi markazlari bo‘lishi mumkin.

Bu esa sizni “xitoy telefoni” buzilib qolganda yuzaga keladigan ko‘ngilsizliklardan, tovlamachi “usta”lardan himoya qiladi.

  1. Yetkazib beruvchini to‘g‘ri tanlash.

Agar siz qurilmani onlayn sotib olish istagida bo‘lsangiz, yetkazib beruvchini to‘g‘ri tanlang. Bu, ehtimol, eng muhim qaror. Aks holda, smartfonni yetkazib berish muddati oylarga cho‘zilishi, siz buyurtma bergan mahsulot o‘rniga boshqa narsa yetkazilishi mumkin.

Bugungi kunda Amazon, AliExpress, GearBest kabi foydalanuvchilar ishonchini qozongan xalqaro yetkazib beruvchilar mavjud. Ammo, ulardagi narx-navo har xil bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda o‘zbekistonlik xaridorlar asosan AliExpress xizmatlaridan foydalanmoqda. Sababi, bu boshqa yetkazib beruvchilar narxidan arzonga tushadi.

Misol uchun, Amazon’da Meizu Pro 6 (5.2 dyuymli 32 GB ichki 4 GB tezkor xotira, 21/16 MP kamera, Helio X25 protsessor, barmoq izlari skaneri, 4G aloqa tlqini) $521.42 dollardan sotilayotgan bo‘lsa, AliExpress’da xuddi shu talqin $345.99 dollardan sotilmoqda.

Ayni paytda xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilari o‘zlarining saytlari orqali ham savdoni yo‘lga qo‘yishgan.

Yetkazib beruvchi haqida ham ularning xizmatlaridan foydalangan mijozlarning munosabatini aniqlang, u haqida o‘rganing. Agar norozilar ko‘p bo‘lsa, bu xizmatdan foydalanmang.

  1. Smartfonning ochiq operatsion tizimga ega bo‘lishi.

Smartfon ishlab chiqaruvchisi tomonidan smartfondagi asosiy dasturlar, misol uchun kalendar, kamera va boshqa ilovalarni yurgizadigan alohida  operatsion tizim yaratiladi. Bu texnika tilada “ROM” deyiladi.

Android operatsion tizimidagi smartfonlarning bosh afzalligi ham uning original “ROM”dan tashqari 3-tomon dasturchi yaratgan tizimlar, ilovalarni qo‘llab-quvvatlashidir.

Ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilarning o‘z vaqtida Android talqinini yangilamasligi tufayli smartfon tizimida nosozlik yuzaga keladi. Shunday vaqtda foydalanuvchi boshqa ishlab chiqaruvchining operatsion tizimidan ham foydalana olishi uchun uning smartfoni ochiq va erkin tizimli bo‘lishi kerak.

Siz ham operatsion tizimni hech bir to‘siqsiz, ochiq yuklab olish tizimiga ega, shu bilan birga microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi mavjud smartfon tanlang. Uning yordamida o‘zingizga kerak ilova va tizimni mobil vositaga o‘rnatishingiz mumkin. Bunda ROM’ning “xalqaro talqin” ekani smartfon haqidagi qo‘llanmada aks etishi kerak.

 

  1. Mamlakatga o‘zi bilan smartfon olib kirish.

Agar siz xorijdan o‘zingiz bilan smartfon olib kelmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun alohida qonuniy jarayon mavjud.

Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijdan noutbuk, kompyuter va televizor kabi elektronik texnikani faqat bir donadan boj to‘lovisiz olib kirish mumkin.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, xorijdan mobil telefon olib kirish mumkin. Faqat buning uchun rasmiylashtirish jarayonidan o‘tish kerak bo‘ladi.

“Agar fuqaroning yonida o‘zi ishlatayotgan mobil telefonidan boshqa yana bitta telefon bo‘lsa, bojxona tekshiruvidan o‘tayotganida Elektromagnit moslashuv markazidan ruxsatnoma talab qilinadi. Shu ruxsatnoma bo‘lsa, o‘zinikidan tashqari yana bitta mobil telefonini boj to‘lovisiz olib kirishga ruxsat etiladi” dedi mutaxasis.

Mobil telefonlari radio-elektron vositalari ro‘yxatiga kiritilgani bois, ularni mamlakatga olib kirish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi.

Avvaliga bojxona organida deklaratsiya to‘ldirtiriladi. U yerda taqdim qilingan akt bilan Elektromagnit moslashuv markazga murojaat qilib, akt bilan birga ariza taqdim etiladi. Ariza uch kunda ko‘rib chiqiladi.

Xorijdan olib kelinayotgan smartfonlar “T-6 shaklidagi bojxona deklaratsiyasi”da ko‘rsatiladi va rasmiylashtiriladi.

Deklaratsiya 2 nusxada to‘ldiriladi. Deklaratsiyaning bir nusxasi bojxona xodimlarida qoladi, ikkinchi nusxasi deklaratsiyani to‘ldirgan shaxsga beriladi va unda ko‘rsatilgan mahsulotlarni olib kirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

  1. Smartfonni sozlash va takomillashtirish menyusining keng imkoniyatli bo‘lishiga e’tibor bering.

Sozlamalar bo‘limiga kirib, interfeys qulayligi va imkoniyatlar kengligiga ishonch hosil qiling. Xususan, smartfonda ekran, til va kamera sozlamalari bo‘limlarining borligi ulardan unumli foydalanishga xizmat qiladi.

Shuningdek, smartfonning Google Play do‘koni ilovasini qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq. Xiaomi qurilmalari uchun ilovalarni kompaniyaning onlayn do‘konidan Xiaomi store ilovasi yordamida yuklab olish mumkin.

Xulosa

Bugun O‘zbekistonda Xitoyning Huawei, Lenovo, Meizu brendi ostida ishlab chiqarilayotgan telefonlari ommabop hisoblanadi. Uni foyda ko‘rish istagida bilib-bilmasdan olib kelayotgan “ishbilarmon”lar ham oz emas. Shunday ekan, bu aloqa vositalarini xarid qilish uchun e’tiborli bo‘lish kerak.

To‘g‘ri tanlangan smartfon kerak vaqtda uyaltirmasdan xizmatingizni qiladi. Aks holda, uning oddiy bezatilgan matohdan, muammolar uyasidan farqi qolmaydi. Shunday ekan, doimo e’tiborli bo‘ling. Bozoringizni bersin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!