Xitoyda aldashga uringan abituriyent qamaladi, elektron imtihon tizimini joriy qilish so‘ralmoqda

Xitoyda aldashga uringan abituriyent qamaladi, elektron imtihon tizimini joriy qilish so‘ralmoqda

Xitoyda har yili yuqori maktabdan so‘ng OTM kollejiga kirish maqsadida 9.4 million nafardan ziyod o‘quvchi imtihon topshiradi. O‘qishga kirish imtihon natijalariga bog‘liqligi bois raqobat o‘ta yuqori. Bu kirish imtihonlarida yuqori ball olgan abituriyentlar yaxshi ta’lim hamda kafolatlangan kasbiy yuksalishga ega bo‘ladilar. Past ball olib, "yiqilganlar" esa odatda sharmandalikka duchor bo‘lishadi.  

Raqobatning o‘ta yuqoriligi tufayli Xitoyda abituriyentlarning imtihon jarayonlarida turli tovlamachilik va hiyla-nayranglardan foydalanishlari keng tus olgan. Xitoy hukumati joriy yilda mazkur holatga keskin qarshi keskin choralar ko‘rish maqsadida, bu turdagi xatti-harakatlarni jinoyatchilik qatoriga qo‘shib qo‘ydi. Bu to‘g‘rida mamlakatning Xinhua axborot agentligi xabar bermoqda.

Joriy yilning noyabr oyidan kuchga kiradigan yangi qonunga ko‘ra, o‘qishga kirish uchun tovlamachilik usullaridan foydalanishga uringanlarga 7 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi. Shuningdek, davlat imtihonlariga ham boshqalarni kiritganlik uchun ham uzoq yillik qamoq jazosibelgilanadi.

Imtihon jarayonlarini shaffof va oshqora o‘tkazilishiga Xitoy politsiyasi jalb qilinadi. Pekinda har imtihon o‘tkaziladigan zalda tartib o‘rnatish uchun 8 nafar politsiya xodimi mas’ul bo‘ladi.  

Xinhua agentligining xabar berishicha, ota-onalar qonuniy jazo choralarini kuchaytirish o‘rniga tizimni to‘liq isloh qilish, jumladan mazkur jarayonlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalangan holda, uni soddalashtirish, elektron imtihon tizimlari ishlab chiqilishini taklif qilishmoqda. Ularning fikrlaricha, bu imtihon eskilik sarqiti va bolalarni ruhan qiynalishiga sabab bo‘lmoqda.

Xitoyda 1966-1976 yillarda sodir bo‘lgan madaniy inqilobdan hozirga qadar universitetlarga o‘qishga kirishda "Gao Kao" Milliy oliy ta’lim muassasasiga kirish davlat imtihon tizimidan foydalanib kelinadi. Imtihon 2-3 kun, kamida 9 soatdan davom etadi. Har bir o‘quvchiga  xitoy tili, matematika va xorijiy til (odatda ingliz tili yoki yapon, rus, fransuz tili)dan imtihon topshirish majburiy hisoblanadi.

Shundan so‘ng abituriyent tanloviga ko‘ra fizika, kimyo, biologiya, texnologiya (informatika) yoki 3 ta gumanitar fanlar: tarix, geografiya, va siyosatshunoslik fanlaridan yozma imtihon topshiradi. Bu imtihon tizimi o‘ta murakkab va o‘quvchilarni stress holatiga solayotgani bois, bugungi kunda aksariyat xitoyliklar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ma’qul ko‘rishmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!