Xitoyda ommabop smartfon nomi va brendi ma’lum bo‘ldi

Xitoyda ommabop smartfon nomi va brendi ma’lum bo‘ldi

Oppo R9S Xitoyda smarfton sotish bo‘yicha peshqadam bo‘lgan Oppo kompaniyasi tomonidan eng ko‘p sotilayotgan “aqlli telefon”. 2016 yilda kompaniya bu turkumga kiradigan 20 million dona smartfon sotiga erishgan. 5.5 dyuymli smartfon ekrani AMOLED texnologiyasida ishlab chiqarilgan. Displeyning piksel sig‘imi Full HD, har dyuymdagi piksellar miqdori 1920×1080, 401 tani tashkil qiladi. Ekran Corning Gorrila Glass 5 himoya shishasi bilan qoplangan.

Oppo R9S Android 6.0.1 Marshmallow operatsion tizimining kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan Color OS talqinida faoliyat ko‘rsatadi. Oppo R9S samaradorligi uchun Snapdragon 625 protsessori mas’ul. Uning tezkor xotirasining sig‘imi 4 GB, doimiy ichki xotira sig‘imi 64 GB. Shuningdek, gadjetdagi microSD bo‘lmachasi orqali xotira sig‘imini 128 gigabaytgacha kengaytirish mumkin.

Mobil aloqa vositasining 16 MP sig‘imli bosh kamerasi f/1.7 hajmli diafragma, yuzni aniqlash, fazali avtofokus funksiyalariga ega. Shuningdek, selfilar uchun ham kompaniya 16 MP sig‘imli old kamerani joriy qilgan. Oppo R9S 3010 mA soat sig‘imli “quvvat toshi”, ya’ni akkumulyatorga ega. Tezkor quvvatlash texnologiyasi orqali smartfon quvvatini 30 daqiqada 60 foizgacha to‘ldiradi. Smartfon korpusining o‘lchamlari: 153mm x 74mm x 6.6mm., og‘irligi 145 gramm.

2016 yilning oktyabr oyida taqdim qilingan Oppo R9S devaysi dizaynida iPhone 6 hamda Samsung Galaxy S7 smartfonlarining uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Yupqa va silliq korpus, qirrador yon biqinlar xaridorni o‘ziga tortadi. Oppo mazkur smartfon uchun $457 AQSh dollar so‘ramoqda. Xalqaro bozorda gadjet 600 AQSh dollarigacha sotilmoqda.


2016 yakunlariga ko‘ra, Oppo kompaniyasi Xitoyda smartfon sotish bo‘yicha peshqadamga aylandi. Kompaniya yil davomida mahalliy bozorga 76,6 mln. dona smartfon sotgan. Oppo onlayn savdoni ma’qul ko‘radigan raqiblaridan farqli o‘laroq, o‘z mahsulotlarini ulgurji bozorga chiqarib, ushbu muvaffaqiyatga erishgan va savdo aylanmasi 2015 yilga qaraganda 122 foizga o‘sgan. Natijada, Huawei, Vivo, Apple, Xiaomi kompaniyalari uning changida qoilshgan. Apple 2016 yilda Xitoyda bor-yo‘g‘i 44,9 mln. dona ayfon sotishga erishgan. Samsung va Lenovo kabi jahonning nufuzli smartfon ishlab chiqaruvchilari hattoki bu beshlikka kira olishmagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!