Xitoylik LeEco AQShga “yurishni” boshladi

Xitoylik LeEco AQShga “yurishni” boshladi

Zamonaviy va nisbatan hamyonbop mahsulot hamda servislar bilan tanilgan Xitoyning LeEco kompaniyasi AQSh bozoriga shiddat bilan kirib kelishni boshlamoqda. TechCrunch nashri bergan xabarga ko‘ra, xitoylik brend 19 oktyabrda AQShda juda ham yirik taqdimotni o‘tkazib, o‘ziga qarashli xizmat va qurilmalarni namoyish etdi.

Turli texnika vositalaridan tashqari, LeEco firmasi EcoPass nomli Netflix analogidagi onlayn kinoteatr xizmati, LeMusic onlayn musiqa pleyeri kabi servislarga ham egalik qiladi. Mazkur servislardan kompaniyaning flagman qurilmalarida qo‘shimcha chegirma bilan foydalanish mumkin.

Xitoy brendi yuqori formatli va keng displeyga ega televizorlar, LeEco Le S3 va  LeEco Le Pro 3 smartfonlari, VR-shlemlar kabi qurilmalarni ham AQSh hududida sotuvga chiqaradi. Hali bu hammasi emas! Xitoylik shovvoz, shu bilan birga, velotsiped, lazerli markerlar, GPS texnologiyalari, musiqa pleyerlari va turli xavfsizlik tizimlarini ham mijozlar e’tiboriga havola etgan. Bundan tashqari, kompaniya LeSee markasidagi elektromobillarni ham sotishni rejalashtirgan. Firmaning ijrochi direktori Yueting Djianing taqdimotda aytishicha, ayni paytda LeSee elektromobili Londonda bo‘lib o‘tayotgan mashhur “Transformerlar” filmida suratga olinmoqda. Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, xitoylik brendning barcha mahsulotlari o‘zaro bog‘lanadigan yagona ekotizimga ega bo‘ladi.

LeEco firmasiga 2004 yilda asos solingan bo‘lib, u birinchi onlayn videolar tijorati bilan shug‘ullangan. 2014 yilda kompaniya qariyb 4 mln smartfon sotishga muvaffaq bo‘lgan. Ba’zi prognozlarga ko‘ra, kompaniya 2016 yilda jami 25 mln dona smartfonni sotishga ulgurishi mumkin ekan.

Eslatib o‘tamiz, LeEco kompaniyasi bundan bir necha kun avval Rossiyaning Moskva shahrida ham o‘z firma do‘konini ochgan edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.