Xitoyning 6 ta zo‘r smartfoni: iPhone`dan arzonroq, lekin…

Xitoyning 6 ta zo‘r smartfoni: iPhone`dan arzonroq, lekin…

iPhone`ning sifatiga qoyil qolasiz, ammo narxi balandligi sababli xarid qilishga ikkilanasizmi? Xavotirga o‘rin yo‘q – xitoylik ishlab chiqaruvchilar «olmafon»dan ancha arzon, lekin undan unchalik qolishmaydigan gadjetlarni taklif etishadi. Keling, shu talablarga javob beruvchi ayrim yangi modellar bilan qisqacha tanishamiz.

Huawei Nova

  • OT: Android 6.0
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 625
  • Tezkor xotira: 3 GB
  • Doimiy xotira: 32 GB
  • Kamera aniqligi: 12 MP
  • Ekran diagonali: 5 “

Garchi uzoqroqdan Huawei Nexus 6P modeliga o‘xshab ketsa-da, xitoyliklar Huawei Nova dizayni ustida jiddiy ishlashgan. Gadjetning «yuragi» o‘rtacha – u Snapdragon 625 protsessoriga va 3 GB tezkor xotiraga ega. Ammo kameraga jiddiy e’tibor qaratilgan – pikseli 1,25 mkm o‘lchamli 12 megapikselli fotomodul o‘rnatilgan, bu degani – uning iPhone 6s kamerasidan kuchliroq ekanligini anglatadi. Ayni shu bois u tunda ham yaxshi suratga ola biladi. Tag‘in, kontrastli va fazali avtofokus mexanizmlariga egaligi kameraning tez va aniq fokus olishini ta’minlaydi. Va, albatta, unda 4K-video suratga olish imkoni ham mavjud.

OnePlus 3T

  • OT: Android 6.0
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 821
  • Tezkor xotira: 6 GB
  • Doimiy xotira: 64 GB
  • Kamera aniqligi: 16 MP
  • Ekran diagonali: 5.5 “

«Flagmanlar qotili» ta’rifiga mos gadjetlardan biri – OnePlus 3 o‘zining yuqori sifati va past narxi bilan e’tiborga loyiq edi. Uning davomchisi OnePlus 3T esa yanada qudratli chiqdi: 2,35 GGs chastotali Qualcomm Snapdragon 821 protsessori, 6 GB tezkor xotira, 128 GBgacha doimiy xotira, 16 megapikselli kamera va 3400 mAch sig‘imli batareya!

Obrazli qilib aytganda, agar «oddiyroq» OnePlus 3 biror flagmanni «chalajon qilgan» bo‘lsa, OnePlus 3T uning «peshanasidan darcha ochib» qo‘yaqolgan.

Xiaomi Mi5s Plus

  • OT: Android 6.0
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 821
  • Tezkor xotira: 4 GB
  • Doimiy xotira: 64 GB
  • Kamera aniqligi: 13 MP
  • Ekran diagonali: 5.7 “

Qo‘sh kamerali, 5,7 dyuym ekranga ega, o‘ta kuchli bu smartfon Qualcomm Snapdragon 821 protsessorida ishlaydi. 4/6 GB tezkor va 64/128 GB doimiy xotirali variantlarda chiqarilgan.

Qo‘shaloq kamerasi xuddi Huawei smartfonlaridagi kabi prinsip asosida ishlaydi – 13 MPlik ikkita fotomodul. Ulardan bittasi rangli, ikkinchisi esa monoxrom ekanligi esa kadrning yorqin va nisbatan to‘q rangli hududlarini ham inobatga olgan holda, detallarigacha aniq suratga olish imkonini beradi.

Yana bir e’tiborli jihati – Xiaomi zamonaviy yoshlarning va nozikta’b xonimlarning ham qiziqishlarini inobatga olgan holda, Mi5s Plus modelini turli ranglarda, jumladan, «pushti oltin» tusida ham ishlab chiqargan.

LeEco Le Max 2

  • OT: Android 6.0
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 820
  • Tezkor xotira: 6 GB
  • Doimiy xotira: 64 GB
  • Kamera aniqligi: 21 MP
  • Ekran diagonali: 5.7 “

Bu flagman ekrani ham 5,7 dyuym o‘lchamli diagonalga ega, har dyuymida 2560x1440 nuqtali. Ixcham korpusi metalldan ishlangan mazkur smartfonga  Qualcomm Snapdragon 820 protsessori o‘rnatilgan, tezkor va doimiy xotirasi – tegishlicha  6 va 64 GB. Kamerasi ham uncha-munchasidan qolishmaydi – 21 MP, optik barqarorlashuv, 4K-video yozish funksiyalari mavjud.

Har tomonlama yaxshi-yu, bittagina «lekin»i bor: unda 3,5 mm.lik audiomoslama ulash tirqishi yo‘q! Biroq USB Type-C turidagi yangicha quloqchin olishni istamasangiz, to‘plamning o‘zida USB Type-C ni 3,5 mm.ga ulovchi o‘tkazgich ham mavjud.

Meizu Pro 6

  • OT: Android 6.0
  • Protsessor: MediaTek Helio X25
  • Tezkor xotira: 4 GB
  • Doimiy xotira: 32 GB
  • Kamera aniqligi: 21.16 MP
  • Ekran diagonali: 5.2 “

To‘g‘ri, bu smartfonni mutlaqo yangi model, deb bo‘lmaydi – o‘tgan yil yozda taqdim etilgan. Ammo uning «o‘zagi» flagmanlarnikidan qolishmaydi – o‘n yadroli MediaTek Helio X25.

Qurilmaning asosiy ustunligi – ovoz yozish va yangrash sifatida. Bunga esa Hi-Fi darajasida yangrashni ta’minlovchi Cirrus Logic CS43L36 audiochipi orqali erishilgan. Bundan tashqari, undagi NXP Smart PA tizimi naq mo‘’jiza yaratadi – tashqi dinamikning titrashini nazorat qiladi va natijada u toza va baland tovush chiqaradi. Qizig‘i, dinamikning o‘zini yuqori sifatli ovoz yozish uchun o‘ta sezgir mikrofon sifatida ham ishlatish mumkin.

ZTE Axon 7

  • OT: Android 6.0.1
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 820
  • Tezkor xotira: 4 GB
  • Doimiy xotira: 64 GB
  • Kamera aniqligi: 20 MP
  • Ekran diagonali: 5.5 “

Mazkur flagmanning dizaynini BWM Group tarkibiga kiruvchi Designworks studiyasi yaratgan; bu – garchi Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, qoyilmaqom gadjet deganidir. Ishlab chiqaruvchi qurilmada ovoz yozilishi va yangrashining, foto va video suratga olishning sifatiga asosiy e’tiborni qaratgan.

Smartfonga Asahi Kasei Microdevices AK4490 audioprotsessorli, Hi-Fi darajasidagi stereodinamiklar o‘rnatilgan. Shuningdek, Asahi Kasei Microdevices AK4961 ovoz yozuvchi protsessorga ega ikkita mikrofoni bor. Bu gadjet Dolby ATMOS va Dolby Digital Surround virtual ko‘pkanalli texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlashi ham e’tiborga loyiq.

Asosiy kamera 20 megapiksellik sensorga asoslangan, u tasvirni barqarorlashtiruvchi optik va elektron mexanizmlarga ega. 4K-videodan tashqari, u soniyasiga 240 kadrgacha chastotada sekinlashtiriluvchi video ham ola biladi.

Darvoqe, flagmanning «yuragi» – Qualcomm Snapdragon 820, u 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga ega.

Hamidbek Yusupov tayyorladi