Xitoyning «Xavfsiz shahar» tizimi Toshkent osudaligini mustahkamlaydi

  •   DiMaX
  •  1337
  •  15.06.2017 15:57

Xitoyning «Xavfsiz shahar» tizimi Toshkent osudaligini mustahkamlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida «Xavfsiz shahar» tizimini joriy etishning kelgusi istiqbollari muhokama qilindi. Bu xususda Vazirlik saytida ma’lumot berilmoqda.

Ichki ishlar vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov «Xavfsiz shahar» tizimini joriy etishga taalluqli ishlarni batafsil muhokama qilish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi («CASIC») delegatsiyasi bilan muzokara olib borar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoyga tashrifi tufayli ikki do‘st mamlakat hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Delegatsiya a’zolarining ushbu tashrifi ana shu hamkorlikning mantiqiy davomi ekanligini qayd etdi. Vazir davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tashrifi chog‘ida Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasida bo‘lib, «Xavfsiz shahar» tizimining taqdimot marosimi bilan qiziqib qolganini eslatdi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi IIV, xususan, Vazirlik huzuridagi respublika «Qo‘riqlash» birlashmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Toshkent shahar IIBB mutaxassislari «Xavfsiz shahar» apparat-dastur majmuasini tatbiq etish borasida muayyan tajribaga ega.

Ichki ishlar vazirining so‘zlariga qaraganda, hali bu yo‘nalishda ko‘p ish qilindi, deb bo‘lmaydi, ammo eng asosiysi, poytaxtimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda jamoat xavfsizligi darajasini oshirish yo‘lida dastlabki qadamlar qo‘yildi. Ushbu yo‘nalishda Vazirlik tizimi mutaxassislari yuqori texnologiyalar ishlab chiqaruvchi Rossiya Federatsiyasi hamda Xitoyning boshqa kompaniyalari mutaxassislari bilan ham hamkorlik qilishgan. Lekin bugungi kunda aynan Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi mutaxassislarining ishlanmalari ma’qul ko‘rilyapti. General-mayor A. Azizov shu sababli mazkur korporatsiya delegatsiyasi yurtimizga ayni vaqtida tashrif buyurganini ta’kidladi.

Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi Bosh direktori o‘rinbosari, delegatsiya rahbari Sun Sin o‘z navbatida korporatsiyaning faoliyati, ishlanmalari va mahsulotlari qaysi sohalarda, shu jumladan, davlat va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgani haqida gapirib berdi. U Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi IIV bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning ba’zi jihatlarini muhokama qilishdi. Ushbu ishlarning natijalari jamoat xavfsizligini hamda poytaxtimiz aholisi va mehmonlari xotirjamligini ta’minlashda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!