Xitoyda smartfonlar savdosi 28,6 foizga pasayib ketdi

Xitoyda smartfonlar savdosi 28,6 foizga pasayib ketdi

Butun dunyoda Xitoyda ishlab chiqarilgan so‘nggi rusumli smartfonlar ommalashib borayotgan bir paytda mamlakatning ichidagi ushbu qurilmalar savdosi oxirgi uch oy ichida sezilarli pasayib ketdi.

Xitoy Axborot va Aloqa instituti (China Institute of Information and Communications) tomonidan e’lon qilingan «2018-yil mart oyi uchun Xitoy mobil qurilmalar bozori bo‘yicha tahlil» (China Mobile Phone Market Operation Analysis Report for March 2018) nomli navbatdagi hisobotda qayd etilishicha, o‘tgan oy ichida xitoylik ishlab chiqaruvchilar ichki bozorda 28 million dona smartfon sota olgan. Bu o‘tgan yilning ayni shu vaqtidagi savdolar ko‘rsatkichiga nisbatan 28,6 foizga kamdir. Jami hisobda, joriy yilning birinchi choragida Xitoyda 81,78 million smartfon sotilgan. Bu bir yil oldingidan 27 foizga past ko‘rsatkich demakdir.

Ushbu yilning mart oyida Xitoyda, umumiy hisobda 68 turdagi smartfon modeli ishlab chiqarilgan. Ularning 67 tasi Android platformasi asosida faoliyat yuritadi. O‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan mazkur yildagi yangi smartfonlar e’lon qilish tezligi 37 foizga tushib ketgani ma’lum bo‘lmoqda. Joriy yilning birinchi uch oyligi davomida xitoylik smartfonsozlar jami 158 turdagi yangi qurilmalarni e’lon qilganlar (ularning 152 tasi Android'da ishlaydi). Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 15 foizga kam ko‘rsatkichdir.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.