Xitoyda Snapdragon 845'ga ega ilk smartfon taqdim qilindi

Xitoyda Snapdragon 845'ga ega ilk smartfon taqdim qilindi

Xitoyning yetakchi smartfonsozlaridan bo‘lgan Vivo brendi o‘z uyida Vivo APEX nomli mobil aloqa vositasini taqdim qildi. MWC 2018 anjumanida ham qisman namoyish qilingan smartfon old panelining 98 foizi ekrandan iborat. Shu bilan birga, smartfon bortida ayni paytda eng kuchli protsessor hisoblangan Snapdragon 845 chipseti mavjud. Qolaversa, Vivo APEX'dagi kuchli old kamera egasini taassurotli selfilar bilan xursand qiladi.

Vivo APEX telefonining 5.99 dyuymli OLED displeyi "COF" texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqarilgan. Old panelni to‘liq ekranga bo‘shatib berish uchun ayrim sensorlar displey ostiga joylashtirilgan. Dinamik va suhbat mikrofoni quyida joylashgani tufayli ekran sezilarli darajada kattalashgan.

Old kamera esa yuqori qirrada yashiringan va kerak vaziyatda uni ishga tushirish, harakatlantirish mumkin.

Vivo APEX flagmanidagi barmoq izi skaneri virtual, ya’ni ekranga joylashtirilgan. Unga bir nechta barmoq izlarini joriy qilish mumkin.

Ekrandagi chap va yon tomon hoshiyalarining qalinligi 1.8 mm, quyi hoshiya esa 4.3 mm. Korpus qalinligi esa ko‘ngildagidek -- 7.8 mm.

Vivo APEX modelida System in Package (SIP) texnologiyasi o‘rnatilgan, ya’ni unda bir nechta, jumladan ovozni qayta ishlaydigan Hi-Fi protsessori va boshqa chipsetlar ham mavjud.

Smartfon bosh kamerasi Super HDR texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kamera bir nechta suratlar olib, so‘ng ularni yaxlitlaydi.

Vivo hozircha smartfonga xos boshqa jihatlarni e’lon qilgani yo‘q. Insayderlarning yozishlaricha, Vivo APEX taxminan $1000 dollardan sotuvga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!