XTV va Sixclouds O‘zbekistonda onlayn ta’lim platformalarini joriy etish masalalarini muhokama etdilar

XTV va Sixclouds O‘zbekistonda onlayn ta’lim platformalarini joriy etish masalalarini muhokama etdilar

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligida Singapurning Sixclouds kompaniyasi bosh direktori va asoschisi Richard Vun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar berilmoqda XTV saytida.

Xalq ta’limi vazirligi bilan uchrashuv davomida, Sixclouds kompaniyasi vakillari Singapur, Malayziya va Xitoyda foydalanib kelinayotgan ta’lim platformasini taqdim etdilar.

O‘QING: Xalq ta’limi vazirligi: "Facebook'dagi post bo‘yicha jinoiy ish ochildi"

Sixclouds kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha bosh mutaxassisi Benson Lek so‘zlariga ko‘ra, IGNITE onlayn platformasi Singapur ta’lim tizimi asosida yaratilgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Singapur maktab o‘quvchilari PISA o‘quvchilarning savodxonligi va kompetensiyasini baholovchi xalqaro dasturi (15–16 yashar o‘quvchilarning matematik savodxonligi, o‘qish va tabiatshunoslik sohasidagi savodxonligini baholash) va TIMSS maktabdagi matematika va tabiiy fanlar sohasidagi ta’lim sifatining xalqaro tadqiqotida (4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlar sohasidagi savodxonligini baholash) yuqori o‘rinlarni egallamoqda.

IGNITE platformasi bolalarning maktabdan tashqari ta’limini tashkil etish uchun yaratilgan hamda hozirda ingliz tili va matematika o‘rganish dasturlarini taklif etmoqda, – dedi Benson Lek. Uning aytishicha, bu ikki fan bolalarning kelajakdagi muvaffaqiyatga erishishlari uchun muhim fanlardir. Platformadan kompyuter yoki mobil qurilmalardan foydalanish mumkin.

O‘QING: Ta’lim maqsadlari uchun qaysi noutbukni tanlagan ma’qul?

Platforma doirasida darslar animatsiya asosida yaratilgan bo‘lib, qiyin mavzularni ham yengil tushunishga imkoniyat yaratadi.

Sixclouds startapi vakillari ta’kidlashicha, ular yaqin kunlarda platforma imkoniyatlarini yangi o‘quv kurslari, jumladan dasturlash bo‘yicha, va qo‘shimcha xizmatlarni tushirgan holda kengaytirish niyatidalar.

Sixclouds bosh direktori Richard Vun O‘zbekistonda o‘z kompaniyasining ofisini ochish va mamlakatda tijorat loyihalari bilan birga ta’lim platformasini targ‘ib qilish bo‘yicha qaror qabul qilganini aytib o‘tdi.

O‘QING: Maktablarimizda elektron jurnallar va kundaliklar joriy etiladi

Uchrashuv doirasida Xalq ta’limi vazirligi va Sixclouds kompaniyasi vakillari O‘zbekiston aholisiga sifatli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha, jumladan axborot texnologiyalarini joriy etgan holda, hamkorlik istiqbollarini muhokama etdilar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!