Ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 taqdim qilindi

Ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 taqdim qilindi

Va nihoyat, amerikalik chipmeyker bo‘lmish Qualcomm kompaniyasi Snapdragon Technology Summit  anjumani doirasida, 5 dekabrda Snapdragon 845 flagman protsessorini taqdim qildi. Mazkur chipsetning 2018 yilning ilg‘or gadjetlari bo‘lishi kutilayotgan Samsung Galaxy S9, LG G7, Xiaomi Mi 7 hamda boshqa 10 dan ziyod mobil aloqa vositalarida o‘rnatilishi kutilmoqda. Qualcomm kompaniyasining rasmiy vakili tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu protsessorga ega ilk smartfon 2018 yilning yanvarida jamoatchilik e’tiboriga havola qilinadi, ya’ni, 1 oydan so‘ng.

Qualcomm Snapdragon 845 protsessorida 8 ta hisoblash yadrolari (4 ta Cortex-A75 yadrosi hamda 4 ta Cortex-A53 yadrosi) o‘rnatiladi. Ularning orasida eng samaradorining chastota tezligi 2,6 GGs.gacha yetadi. Protsessorning o‘zi esa 2-avlodga mansub 10 nanometrli texnik jarayonda ishlash qobiliyatiga ega bo‘lgan.

Yangi chipdagi o‘ziga xos jihatlardan biri sifatida undagi X20 LTE modemini aytish mumkin. Bu modem 4-avlod aloqa tarmog‘ini eng so‘nggi standartlar asosida qo‘llab-quvvatlaydi.

Video va tasvirni qayta ishlashda Qualcomm Snapdragon 845'ga yordamchi sifatida Adreno 630 video-kartasi tanlangan. Shu bilan birga, Snapdragon 845 protsessori Wi-Fi 802.11ad simsiz standartini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa bir tarmoqda turib smartfonda ma’lumot almashishda hayratlanarli tezkorlik degani.

Bugun aksariyat Android flagman smartfonlarda o‘rnatilgan Snapdragon 835 bilan solishtirib ko‘rganda, yangi chipdagi samaradorlik 15-20% ga oshgan. Shu bilan birga, quvvatni iste’mol qilish darajasi o‘zgarishsiz qolgan.

Qualcomm Snapdragon 845 protsessori 2018 yildagi barcha mobil texnologiya va standartlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bir muddat avval tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung bu chipdan ma’lum muddat "yakkahokim" sifatida foydalanish huquqini Qualcomm'dan sotib olgan. Insayderlarning yozishlaricha, ushbu chipdagi ilk smartfon Samsung Galaxy S9 bo‘ladi. Bu flagman taqdim etilganidan so‘ng kamida 2 oy o‘tib, Sony, LG G6, LG V40, Galaxy Note 9, Essential Phone 2, Xiaomi Mi 7, Xiaomi Mi Mix 3, HTC U12 va boshqa smartfon modellari ham taqdim qilinadi. 

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Qualcomm Snapdragon 845 protsessori Windows 10 boshqaruvida ishlaydigan noutbuklarda ham o‘rnatiladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!