Yangi iPhone'lar xayolga kelmagan innovatsiyaga ega bo‘ladi

Yangi iPhone'lar xayolga kelmagan innovatsiyaga ega bo‘ladi

Har qanday zamonaviy smartfonning o‘ziga xosliklari qatorida undagi sensor ekranni aytish mumkin. Bu ekran yordamida foydalanuvchi mobil qurilma vositasi bilan aloqaga kirishadi. Biz matn terish, video tomosha qilish, qo‘ng‘iroq qilish yoki qo‘ng‘iroqlarga javob berish, ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirish yoki boshqa ko‘plab vazifalarni bajarish uchun barmog‘imiz bilan ekran bo‘ylab sayohat qilishimiz kerak bo‘ladi.

Kecha taniqli Bloomberg nashri o‘zining ishonchli manbasiga tayanib ma’lum qilishicha, yangi avlod iPhone qurilmalarini ularning ekranlariga tegmasdan turib boshqarish mumkin bo‘ladi. Ya’ni, kontaktsiz harakatlar yordamida smartfonni boshqarish mumkin.

Apple kompaniyasi mobil qurilma bilan kontaktsiz aloqa qilish texnologiyasini sinovdan o‘tkazmoqda. Buning uchun yangi ayfonlar maxsus apparat va dasturiy ta’minotga ega bo‘ladi. Ayni paytda «Olma» korporatsiyasida bunday mobil qurilmaning prototipi ham mavjud.

Bu yerda gap maxsus ekran haqida ketmoqda. Bunday ekran o‘ziga yaqin turgan buyumlarni taniydi. Shu bilan birga, bunday ekranlar barmoq harakatini ham masofadan turib o‘qiy oladi. Ma’lum bo‘lishicha, bunday gadjetlar yuqori imkoniyatli "sun’iy aql" texnologiyasi bilan ta’minlanadi.

Bu texnologiya orqali iPhone foydalanuvchisi yangi vazifa hamda funksiyalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Misol uchun, lug‘atdan biror so‘zni izlash, barmoqlar band bo‘lganida smartfonda og‘zaki matn terish va yuborish.

Manbanning ma’lum qilishicha kompaniyaga bu texnologiyani takomillashtirishi uchun kamida ikki yil kerak bo‘ladi.

Apple kompaniyasi hozircha bu texnologiyaning istiqboli yuqori ekaniga umid qilmoqda va yaxshigina sarmoya kiritgan. Kompaniya muhandislariga ko‘ra bunday texnologiya kelajakda smartfonni sensor ekranlar yordamida boshqarish texnologiyasini yangilaydi. Shuningdek, undan smart-soat, planshet va boshqa gadjetlarni yuqori darajada boshqarishda foydalanish mumkin bo‘ladi.

Aytish joizki, 2015 yilda taqdim qilingan iPhone 6s hamda iPhone 6s Plus smartfonlaridan boshlab Apple kompaniyasi ayfonlarida 3D Touch nomli texnologiyani tatbiq qilib kelayotgan edi. Bu texnologiya sensor ekranni uch darajali bosish orqali boshqarish imkonini beradi. Ya’ni barmoq zarbiga qarab smartfon foydalanuvchining xohishini tushunadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!