Yangi Nokia 3310: sotuvga chiqish vaqti va narxi ma’lum bo‘ldi

Yangi Nokia 3310: sotuvga chiqish vaqti va narxi ma’lum bo‘ldi

Nokia 3310 telefonining qayta ishlab chiqarilishi haqidagi gap-so‘zlar kimgadir chin, kimga esa hazil bo‘lib tuyilgan edi. Finlyandiyaning HMD Global kompaniyasi MWC 2017 Jahon Mobil Kongressi ko‘rgazmasi doirasida 26 fevral kuni, oradan 17 yil o‘tib Nokia 3310 yangi talqinda qayta rasman namoyish qilgach, jahon miqyosida unga nisbatan katta qiziqish uyg‘ondi.

2G aloqa tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan Nokia 3310 joriy yilning may oyidan boshlab xalqaro smartfon bozoriga chiqariladi. Afsonaviy telefonning yangi talqinini 49 dollardan xarid qilish mumkin bo‘ladi. Aniqrog‘i, Yevropada Nokia 3310 savdosi 28 apreldan boshlanadi. Uning narx-navosi Yevropa mamlakatlarida o‘rtacha 58 yevrodan bo‘lishi kutilmoqda.

Telefonda 2,4 dyuymli rangli displey mavjud. Uning piksel sig‘imi QVGA (320x240)’ga teng. Telefon apparati microSD xotirani kengaytirish fleshkasiga mo‘ljallangan bo‘lmachaga ham ega. Qolaversa, MP3-pleyer orqali musiqa ham tinglash mumkin. To‘liq yangicha dizaynga ega telefon old panelida moddiy tugmalar qoldirilgan.

Nokia 3310 2 megapikselli kameraga ega. Bu kamera LED fotochaqnoq bilan ham ta’min qilingan. Qurilma batareykasining sig‘imi 1 200 mA soat. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, uni to‘liq quvvatlab, 22 soat suhbat qurish, 39 soat radio tinglash, «kutish» rejimida 21 kun foydalanish mumkin. Telefon apparatining og‘irligi 85 gramm.

Hozircha telefon apparatini xarid qilish istagida bo‘lgan 3 ming nafar kishi Nokia 3310’ga avvaldan buyurtma bergan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.