Yaponiyada 2020 yilga kelib 5G mobil aloqasi ishga tushadi

Yaponiyada 2020 yilga kelib 5G mobil aloqasi ishga tushadi

Yaponiya hukumati 2017-moliyaviy yildan boshlab hozirgidan taxminan 100 barobar tezroq ishlaydigan beshinchi avlod (5G) to‘laqonli mobil aloqa tizimini ishlab chiqishga kirishadi. Tizim mamlakat miqyosida 2020 yildan e’tiboran faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Bu haqda «TASS»ga asoslanib Daryo.Uz xabar bermoqda.

Hozirda Yaponiyada amalda bo‘lgan mobil aloqa tizimi 3,9 avlodga mansub bo‘lib, joriy moliyaviy yilda uni avvalgisidan aytarli farqi bo‘lmagan 4G tizimiga almashtirish boshlanadi. Kutilayotgan beshinchi avlod mobil aloqasi axborotni soniyasiga 10 gigabit — hozirgidan 100 barobar tezroq qabul qilish imkonini beradi. Masalan, hozir ikki soatli videofilm 5 daqiqa davomida ko‘chirib olinsa, 5G qurilmada buning uchun atigi bir necha soniya ketadi.

Yangi tizim joriy etilishi sifatini yo‘qotmagan holda 1 kvadrat kilometr maydonda bir paytning o‘zida millionta qurilmani aloqaga ulash, soatiga 300 kilometrdan oshiq tezlikda ketayotgan poyezdda ham bemalol ma’lumot olish imkonini beradi. Yangi avlod aloqasini ishlab chiqish soha kompaniyalari tomonidan jadal olib borilmoqda, biroq Yaponiya hukumati ushbu jarayonga keng doiradagi xususiy tuzilmalar, jumladan, avtomobilsozlik va kinokompaniyalarni ham jalb etish niyatida.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!