Yaponlar sovunlab yuvsa bo‘ladigan smartfon yaratishdi!

  •   DiMaX
  •  1185
  •  11.07.2017 17:32

Yaponlar sovunlab yuvsa bo‘ladigan smartfon yaratishdi!

Himoyalangan telefonlar hozirda deyarli har bir smartfonsozning mahsulotlari arsenalida bor. Bu atama ostida asosan zarbdan, changdan, namlikdan... muhofazalangan gadjetlar nazarda tutiladi. Biroq Fujitsu taqdim etgan Arrows M04 modeli – barcha himoyalangan smartfonlarning «qotili» sifatida maydonga tushdi, deya xabar qiladi DailyComm sayti.

Yangi smartfon IP65/68 standartlari bo‘yicha himoya sertifikatiga ega; bu – suv va chang bilan kontaktga kirishganida ham unga hech nima qilmaydi, deganidir. Shuningdek, u MIL-STD-810G harbiy muhofaza standarti bo‘yicha ham sertifikatlangan, ya’ni, qurilma ekstremal harorat sharoitlariga, 1,5 metr balandlikdan tushib ketishga ham chidamli, yana yarim soat muddatga bir yarim metr suv tagida ham «jon saqlay» oladi. Bulardan tashqari, ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, telefonning korpusini qo‘rqmasdan idish yuvish vositasi yordamida yuvsangiz ham bo‘laveradi!

Ilg‘or himoyaning ta’minlanishida smartfonni perimetri bo‘ylab o‘rab olgan metall romning ham ahamiyati katta. Arrows M04’ning diagonali 5 dyuymga teng ekrani esa Gorning Gorilla Glass 3 himoya shishasi bilan qoplangan. To‘g‘ri, uning tasvir uzatish sifati hozirgi flagmanlarga qo‘yilayotgan talablar nuqtai nazaridan qaraganda unchalik zo‘r emas – 1280×720 pikselli displey.


Devaysga to‘rt yadroli Qualcomm Snapdragon 410 protsessori o‘rnatilgan; u 1,2 GGs takt chastotasida ishlaydi. Tezkor xotirasining hajmi 2 gigabaytni, doimiy xotirasining hajmi esa 16 gigabaytni tashkil etadi. Telefon Android 7.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi.

Smartfonning «ko‘z»iga keladigan bo‘lsak, uning asosiy kamerasi 13,1 megapikselli, old kamerasi bo‘lsa 5 megapikselli ob’yektivga ega. 2580 mA/soat sig‘imli akkumulyatori Arrows M04’ning kutish rejimida 780 soat, suhbat rejimida esa 660 daqiqagacha ishlab berishini ta’minlaydi.

Fujitsu’ning bu smartfoni o‘lchamlari 144×71×8 millimetrni, vazni esa 148 grammni tashkil etadi. Unda simsiz aloqaning Wi-Fi 802.11 a/b/g/n, NFC, GPS hamda Bluetooth 4.1 modullari mavjud.

Xabarda aytilishicha, Fujitsu Arrows M04 savdoga shu yilning 20 iyulida chiqariladi. Biroq uning narxi hozircha ma’lum qilinmayotir.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!