Yaqin kelajakda AQSh vizasini olish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatingiz haqida ma’lumot taqdim qilishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin

Yaqin kelajakda AQSh vizasini olish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatingiz haqida ma’lumot taqdim qilishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin

Prezident Tramp ma’muriyati AQShga kirish istagida viza olmoqchi bo‘lgan deyarli barcha shaxsdan ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati haqida ma’lumot talab qilish rejasida ekanligini ma’lum qilmoqda.

AQSh Davlat Departamenti ilgari surgan ushbu tashabbusda viza olish uchun ariza topshirgan shaxslardan, asosan, Facebook va Twitter tarmoqlaridagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilinishini talab qilish ko‘zda tutilgan.

Agar ushbu qonun loyihasi amalda joriy etilsa, viza olishga talabgorlar ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi besh yillik faoliyati to‘g‘risida hisobot topshirishga majbur bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShga kirish vizasini olish uchun dunyo bo‘ylab yiliga 14,7 million shaxs ariza topshiradi. Bu esa yuqoridagi qonun loyihasi, agar amaliyotga tatbiq etilsa, aynan shuncha insonning hayotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglatadi.

Ariza topshiruvchilar so‘nggi besh yil ichidagi telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va qaysi davlatlarga sayohat qilganlari to‘g‘risida ham ma’lumot topshirishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biroq ushbu qonun loyihasi Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya va Germaniya kabi AQSh bilan vizasiz kirdi-chiqdi kelishuvini imzolagan davlatlar fuqarolariga ta’sir o‘tkazmaydi.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar jinoyatchilar va boshqa yomon niyatli shaxslar o‘rtasidagi aloqa vositasiga aylanib qolayotgani ortidan Tramp ma’muriyati ayni tashabbusni ilgari surmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida AQSh hukumati “shubhali vaziyatlar“da viza olish istagida bo‘lgan talabgorlar va mamlakat aeroportlariga qo‘ngan shaxslardan ijtimoiy tarmoqlardagi hisoblari haqida ma’lumot taqdim etishni talab qilish tartibini joriy qilgan edi.

Biroq hozirda bu qonun loyihasi tasdiqdan o‘tmagan. Bu loyiha qonun sifatida ishlab chiqilish bosqichiga kirishidan oldin ikki oylik xalq muhokamasidan o‘tishi lozim.

Siz esa AQSh vizasini olish uchun ariza topshirishdan oldin ijtimoiy har ehtimolga qarshi ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaringizni bir ko‘zdan kechirib qo‘ysangiz foydadan holi bo‘lmaydi.