Yurtimizning chekka hududlarida Q-Box moslamalari o‘rnatilmoqda

  •   DiMaX
  •  811
  •  22.03.2019 16:45

Yurtimizning chekka hududlarida Q-Box moslamalari o‘rnatilmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari joriy yilning 11–20 mart kunlari Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga Q-Box moslamalari o‘rnatdilar. Bu to‘g‘rida vazirlikning rasmiy sayti xabar bermoqda.

O‘QING: Xalq ta’limi vazirligi: "Facebook'dagi post bo‘yicha jinoiy ish ochildi"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarning mohiyati yoshlarning iqtidorini namoyon etish, ularning dunyoqarashini kengaytirish, bilimini oshirishdir. Kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalangan holda kitob mutolaa qilish, darslarga dasturdan tashqari manbalar yordamida tayyorlanish, turli muammolarga mustaqil javob topish, turli sinfga doir darsliklarni o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lish yoshlarning kundalik talabiga aylangan.

Respublikamizning uzoq hududlaridagi yoshlarni ham shu imkoniyatlardan foydalanishga shart-sharoit yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari joriy yilning 11–20 mart kunlari Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga Q-Box moslamalari o‘rnatdilar. Mazkur moslama respublikamizning chekka hududlaridagi maktablar, kollejlar OTMlar va boshqa ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchi hamda talabalarga Wi-Fi tizimi shaklida ta’lim dasturlarini va ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan ulkan kontentdir. Unga kompyuter, smartfon, planshet, noutbuk orqali xuddi Wi-Fi uskunasiga ulangandek kirib, o‘zi istagan resurslardan foydalanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, internetga ulanmasdan turib, aynan ushbu tarmoq bera oladigan ma’lumotlarga egalik qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Qashqadaryo (5ta), Navoiy (6ta), Buxoro (5ta), Xorazm (5ta), Samarqand (5ta) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining (6ta) chekka hududlarida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga, shuningdek Samarqand davlat chet tillari instituti, Samarqand veterinariya tibbiyot institutiga Q-Box moslamalari o‘rnatildi va ulardan foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

– Q-Box moslamasi biz singari chekka hududlarda joylashgan maktablarda o‘rnatilishi juda muhim, – deydi Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabi direktori Ilhom Ahmedov. – Avvallari biz bosma holatda topish qiyin bo‘lgan adabiyotlarni elektron shaklini yuklash uchun internet-kafelarga borib ishlashimizga to‘g‘ri kelardi. Maktabimizga o‘rnatilgan Q-Box moslamasida esa Prezident asarlaridan to mumtoz adabiyotgacha barcha durdona asarlar bazasi bir moslamaga jamlangan bo‘lib, bizning o‘quvchilarimiz ham endi tasdiqlangan, tekshirilgan va milliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan xavfsiz bo‘lgan resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Xabarga ko‘ra, o‘tgan yilning oxirida 20 ta Q-Box moslamasi Surxondaryo viloyatining chekka hududlaridagi maktablarga o‘rnatilgan edi.

O‘QING: Innovatsion rivojlanish vazirligi nimalarni qoyillatdi? Hammasiga javob berdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!