ZEISS kamerali Nokia 7 taqdim etildi: ajoyib dizayn qulay narxda! (+video)

  •   DiMaX
  •  1998
  •  19.10.2017 14:31

ZEISS kamerali Nokia 7 taqdim etildi: ajoyib dizayn qulay narxda! (+video)

HMD Global kompaniyasi kelgusi yil namoyish qilinishi kutilayotgan Nokia 7 smartfonini kutilmaganda bugun – 19 oktyabrda taqdim etdi. O‘rta narx toifasidagi ushbu qurilmaning taqdimot marosimi Xitoyda bo‘lib o‘tdi, deb yozadi GizmoChina.

Dizayn

Nokia 7 – mazkur kompaniyaning shisha va alyuminiy birlashmasidan yasalgan korpusga ega ilk smartfonidir. Uning orqa paneli uch qatlamli Gorilla Glass 3 3D-shishasi bilan qoplangan, uning atrofini esa 7000 seriyasidagi alyuminiy rom o‘rab turadi. Qurilma IP54 standartiga ko‘ra namdan himoyalangan.

Xuddi hozirgi flagman Nokia 8 kabi, Nokia 7 ham displeyning ustki va pastki qismlarida keng romga ega. Ostki panelida sensorli Android boshqaruv tugmachalari joylashgan.

Taqdimot marosimida Nokia 7 ikki xil – oq va qora ranglarda namoyish etilgan.

Nokia 7 smartfonining texnik xususiyatlari:

  • Displey: 5,2 dyuymli, 1920x1080 pikselli Full HD IPS-ekran;
  • Protsessor: 8 yadroli Snapdragon 630;
  • Xotira: 4/6 GB tezkor va 64 GB doimiy;
  • Asosiy kamera: f/1,8 diafragmali va ikki tusdagi LED-chaqnoqli, 16 megapikselli ZEISS ob’yektivi;
  • Old kamera: f/2.0 aperturali, ko‘rish burchagi 84 darajali, 5 megapikselli ob’yektiv;
  • Akkumulyator: 3000 mA/soat, 9V/2A tezkor quvvatlash texnologiyasi;
  • Operatsion tizim: Android 7.1.1 Nougat;
  • O‘lchamlari: 141,2 x 71,45 x 7,92 mm.

Boshqa jihatlari

Nokia 7’ning o‘ziga xosliklaridan biri Dual-sight texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashidir. U bir vaqtning o‘zida asosiy va old kameralarni baravar qo‘llagan holda foto va video tasvirga olish imkonini beradi. HMD Global bunday videoroliklarni «Bothies» deb nomlagan.

Smartfondagi OZO texnologiyasi «360-darajali» ovoz yoza biladi.

Shuningdek, Nokia 7 orqa panelida barmoq izi skaneriga, USB-C portiga, 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishiga va LTE-modemiga ega. U simsiz aloqaning Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth v5.0, NFC hamda GPS interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Chiqish vaqti va narxlari

Nokia 7 o‘z «vatani» – Xitoyda 24 oktyabrdan sotuvga chiqadi. Uning 4 gigabayt hajmli tezkor xotiraga ega modeliga 2499 yuan (taxminan 377 AQSh dollari), tezkor xotirasi 6 gigabaytlik hajmga ega talqiniga esa 2699 yuan (taxminan 407 dollar) narx belgilangan.

Mana, quyida smartfonni «jonli» videoda ko‘rishingiz mumkin:

Smartfonning global savdosi qachon boshlanishi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!