ZTE Axon 7: talab va didga mos zamonaviy flagman smartfon

ZTE Axon 7: talab va didga mos zamonaviy flagman smartfon

ZTE kompaniyasi bir muddat avval “Axon 2” sifatida taqdim etilgan flagmanni “Axon 7” nomi ostida sotuvga chiqarmoqchi.

Ilg‘or texnologik xususiyatlar jamlangan smartfon zamonaviy uslubdagi metall korpusga ega. Smartfon korpusining orqa panelida barmoq izlari skaneri tatbiq qilingan. Ishlab chiqaruvchining fikriga ko‘ra, ZTE Axon 7 Google’ning Daydream virtual voqelik platformasini qo‘llab-quvvatlaydigan ilk flagmanlar sirasiga kiradi.

Axon 7

ZTE Axon 7 aloqa vositasi 5.5 dyuymli QHD (1440 x 2560 piksel sig‘imli) texnologiyasida ishlab chiqarilgan displeyga ega. Apparat dasturiy ta’minoti 4 yadroli Qualcomm Snapdragon 820 protsessorida ishlaydi. U ikki talqinda — 4 GB tezkor hamda 64 GB doimiy ichki xotira va 6 GB tezkor hamda 128 GB doimiy xotira bilan ishlab chiqariladi. Har ikkala talqinda xotirani 128 GB hajmgacha ko‘tarish mumkin bo‘lgan microSD qo‘shimcha xotira kartasi mavjud.

ZTE Axon 7

Smartfon Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi.

Undagi 20 megapikselli bosh kamera tasvirni optik barqarorlashtirish tizimiga hamda fazali avtofokusga ega. Gadjetning old kamerasi 8 MP.

Ikki SIM-kartali smartfon aloqaning LTE, Bluetooth, GPS, NFC va Wi-Fi tarmoqlarini, USB Type-C turidagi portni qo‘llab-quvvatlaydi. Mobil aloqa vositasining akkumulyatorining sig‘imi 3250 mA soat.

ZTE Axon 7’ning o‘lchamlari: 151,7 x 75 x 7,9 mm, og‘irligi — 185 gramm.

ZTE Axon 7 tillarang va kulrang talqinda sotuvga chiqadi. Uning standart modeli xalqaro bozorda 450 AQSh dollaridan, Force Touch texnologiyasiga ega talqini 640 dollardan sotilishi rejalashtirilgan.

Xitoyning ZTE CORPORATION kompaniyasiga 1985 yilda asos solingan bo‘lib, u ayni paytda telekommunikatsiya uskunalari va mobil qurilmalar ishlab chiqarishda jahonning yetakchi muassasasi hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekistonda ham o‘z bo‘linmasini tashkil qilgan.