ZTE’dan jiddiy flagman: Nubia Z17 taqdim qilindi

ZTE’dan jiddiy flagman: Nubia Z17 taqdim qilindi

Garchi, ZTE smartfonsozlikda lider bo‘lmasa ham, so‘nggi telefonlari bilan ko‘pchilikning diqqatini tortmoqda. Uzoq davom etgan gap-so‘zlar, taxminlardan so‘ng, nihoyat Nubia Z17 flagmani 1 iyun kuni rasman taqdim qilindi. Bu gadjet endi Xiaomi Mi6 va OnePlus 5 kabi raqiblari bilan tengma-teng kurash olib boradi. Metall va shisha uyg‘unligidagi smartfonda so‘nggi mobil texnologiyalar joriy qilingan.

Jihatlariga ko‘ra, Nubia Z17 bu — flagman. 5,5 dyuymli Full HD (1920x1080 piksel) sig‘imli va Gorilla Glass himoya shishasi bilan qoplangan ekran, ayniqsa kuchli 8 yadroli Snapdragon 835 protsessori hamda ilg‘or Adreno 540 videokartasi bilan u peshqadam va bayroqdor smartfonga aylanadi.

Dizayniga ko‘ra, u Z11 smartfoniga o‘xshab ketadi, ya’ni romsiz va 2.5D effektli shisha qoplangan ekrani xursand qiladi. Ammo farqlari ham bor. Eng muhim farqli jihat — orqa panelning chap yuqori qismidan o‘rin egallagan 2 ob’yektivli bosh kameradir.

Bosh Home tugmasi virtual ko‘rinishda bo‘lib, uning markaziga qizil rangdagi halqa ramzi tushirilgan. Smartfonning barmoq izlari skaneri orqa paneldan o‘rni egallagan. Yana bir muhim yangilik — korpus an’anaviy 3,5 mm.li audio-quloqchin tuynugidan mahrum bo‘lgan. Korpus chang va suv ta’siridan himoyalangan.

Bu hali hammasi emas. Devaysga kompaniya 6 yoki 8 GB talqindagi tezkor xotira va 64 yoki 128 gigabayt sig‘imiga ega doimiy xotira o‘rnatgan. Ma’lum qilinishicha, xotira uchun ilg‘or va tezkor UFS 2.1 chiplaridan foydalanilgan.

Ishlab chiqaruvchi kameralarga ham alohida diqqat qilgan. Uning bosh kamerasi uchun biri 23, boshqasi 12 Mp bo‘lgan 2 ta 6 linzali kamera o‘rnatilgan. Ularning apertura kengligi f/1.8’ga teng. Bosh kamera ikki karralik optik, 10 karralik raqamli kattalashtirish funksiyalariga ega bo‘lgan. ZTE’ning ma’lum qilishicha, kameradagi fokuslash bor-yo‘g‘i 0,03 soniyada ishga tushar ekan.

Kamera uchun firmaning maxsus ilovasi ishlab chiqilgan. Undagi NeoVision 7.0 hamda Portrait Mode 2.0 rejimlari kamera imkoniyatlarini to‘liq ochib beradi. Shuningdek, Nubia Z17 apertura linzasi f/2.0 bo‘lgan 16 Mp sig‘imli, 80 gradus ostida surat oluvchi old kamerasi bilan ham o‘ziga xos.

Yana nima? Yaxshi jihatlar hali davom etadi. Elektr toki sig‘imi 3200 mA soat bo‘lgan akkumulyator 25 minutda quvvatini 50% ga to‘ldirib oladi. USB Type-C universal porti ham quvvatlash, ham ma’lumot almashish va musiqa tinglashda qo‘l keladi.

Nubia Z17 gadjeti aloqaning barcha zamonaviy tarmoqlari, jumladan 2 diapazonli Wi-Fi, Bluetooth 4.1 standartlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfonda yaqin masofada to‘lovlarni simsiz amalga oshirish imkonini beruvchi NFC texnologiyasi chipi ham o‘rnatilgan. Devays Android 7.1’ning Nubia UI 5.0 talqini boshqaruvida ishlaydi.

Narx-navo
O‘lchamlari: 152,6×72,38x7,6 mm., vazni: 173 gramm. Qisqasini aytganganda, Nubia Z17 — ideal flagman. Uning narxi esa, quyidagicha:

6 + 64 GB talqini $411, 6 + 128 GB talqini $500, 8 + 128 GB talqini $587 AQSh dollardan sotuvga chiqariladi. Unga onlayn buyurtma berish boshlangan. Sotuv esa 6 iyundan onlayn do‘konlarda boshlanadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!