21 oktyabr – ilk lampochka muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan kun

21 oktyabr – ilk lampochka muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan kun

1879 yilning 21 oktyabr sanasida mashhur amerikalik olim Tomas Edison cho‘g‘lanma lampalarning muvaffaqiyatli sinovini amalga oshirdi. Garchi karbon tolali mazkur lampa kutilgan darajada mukammal bo‘lmasa-da, u gazda ishlaydigan tashqi yoritish tizimining o‘rnini egalladi. Birinchi lampochkaning xizmat qilish muddati ko‘pi bilan 40 soatgacha bo‘lgan, xolos. Biroq lampa narxi va ehtiyot qismlari arzon bo‘lganligi tufayli Edisonning kashfiyoti tez orada ommalashib ketdi.

Ha, Edisonning lampasi 19 asrda ixtiro etilgan eng buyuk va salmoqli kashfiyot bo‘ldi. Olim nafaqat birinchi karbon tolali cho‘g‘lanma lampani yarata bildi, balki ushbu lampani keng tarqalishi va oson foydalanishini ham ta’minlashga erishdi.

1878 yilda Edison o‘z nutqlaridan birida shunday degan edi: “biz hali elektr energiyasini shunchalik arzon qilamizki, faqat boylargina kelgusida sham yoqadi”.  Chindan ham, olim o‘z so‘zining ustidan chiqdi va tom ma’noda dunyoni ziyoga to‘ldirdi.