Threads akkauntni qanday o'chirib yuborish mumkin? Buning iloji yo'q!

Threads akkauntni qanday o'chirib yuborish mumkin? Buning iloji yo'q!

Agar allaqachon Threads'dan zerikkan bo'lsangiz yoki shunchaki u sizga yoqmagan bo'lsa va akkauntingizni o'chirib yubormoqchi bo'lsangiz – buning iloji yo'q. Axir Instagram akkauntingiz ham unga qo'shilib o'chib ketishini xohlamaysizku, to'g'rimi? Biroq bitta yo'li bor...

Bir necha kun avval Meta kompaniyasi o'zining Twitter "kloni" – Threads platformasini ishga tushirdi va u Instagram akkaunt tizimidan foydalanadi, ya'ni siz yangi ijtimoiy tarmoqqa Instagram akkaunt (@) yuzerneymingizni saqlab qolgan holda Threads'ga o'tish kabi imkoniyatlarga egasiz. Ammo shu bilan birga sizning butun Instagram akkauntingiz Threads'ga shunday bog'langanki, uni Instagram'ni o'chirmasdan o'chira olmaysiz.

Instagram rahbari, Adam Mosseri o'zining rasmiy Threads sahifasida ushbu masalaga oid savollarga shunday javob bergan:

"Men akkauntni o'chirish haqida bir qancha savollar olyapman. Aniqlik kiritish uchun shuni aytishim mumkinki, siz Threads akkauntingizni deaktivatsiya qilish bilan profilingizni va kontentingizni yashirib qo'yishingiz yoki profilingizni shaxsiy qilib o'rnatib, ma'lum thread'laringizni o'chirishingiz mumkin - barchasini Instagram akkauntingizni o'chirmagan holda. Threads Instagram'ga asoslangan, shuning uchun hozir bu faqat bitta akkaunt, lekin biz Threads akkauntingizni alohida o'chirish yo'lini qidirmoqdamiz."

Mosseri aytganidek, kompaniya hozirda Threads akkauntini Instagram'dan alohida o'chirish yo'lini qidirmoqda, lekin ayni vaqtda ushbu funksiya mavjud emas va Mosseri bizga uning qachon chiqarilishiga oid hech qanday vaqt bermadi.

Biroq, Instagram rahbari aytganidek, siz hoziroq Threads profilingiz va postlaringizni akkauntingizni deaktivatsiya qilish orqali yashirib qo'yishingiz mumkin. Buning uchun Threads ilovasidan sozlamalar bo'limiga o'ting va u yerdan Account keyin esa, Deactivate profile va Deactivate Threads profile ustiga bosing. Bunda sizning profilingiz Threads platformasidan yo'qoladi va sizning thread'laringiz, boshqa thread'larga javoblaringiz, layklaringiz yashiriladi. Agar akkauntingizga qayta kiradigan bo'lsangiz ular avtomatik ravishda qayta tiklanadi.

Ma'lumot uchun: Instagram'dan Threads ilovasi chorshanba kuni iOS va Android uchun ishga tushirildi va hozirda unda allaqachon 30 milliondan ortiq odamlar ro'yxatdan o'tgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!