ChatGPT uchun ilk "tarsaki": OpenAI chatboti ban qilindi

ChatGPT uchun ilk

Garchi hali bir qancha kamchiliklari bo'lsa ham ChatGPT sun'iy intellekti millionlab odamlar tomonidan juda ijobiy kayfiyat bilan qabul qilindi va bir gap bilan aytganda hozirda hamma undan xursand, faqat Italiyadan tashqari yoxud OpenAI'ning aqlli chatboti italiyaliklar qalbidan joy egallay olmadi.

Ma'lum bo'lishicha, OpenAI'ning ChatGPT sun'iy intellekt chatboti Italiya hukumati tomonidan mamlakatda xizmat ko'rsatishdan qonunan to'xtatilgan yoxud vaqtinchalik ban qilingan. Bunga asosiy sabablar foydalanuvchilar ma'lumotlarini noqonuniy to'plash, qayta ishlash va voyaga yetmaganlarning xizmatdan foydalanishi bo'lib, Italiya hukumati hozirda kompaniyaga nisbatan tergov ishi ochgan.

Italiyaning Ma'lumotlarni himoya qilish organining ta'kidlashicha, OpenAI kompaniyasi Yevropa Ittifoqining Ma'lumotlarni himoya qilish bo'yicha umumiy nizomini (GDPR) buzmoqda yoxud italiyaliklar OpenAI'ning sun'iy intellektni "mashq qilidirish" maqsadida shaxsiy ma'lumotlarni ommaviy yig'ish va qayta ishlashni ta'minlovchi qonuniy asosi yo'q deb hisoblaydi. Yanada aniqroq aytadigan bo'lsak, italiyaliklar OpenAI chatboti odamlarning ma'lumotlarini noqonuniy tarzda yig'adi va qayta ishlaydi deb hisoblaydi.

Ehtimol, Italiya hukumatinining bunday "yonishiga" ChatGPT ma'lumotlar bazasining 20-mart kuni buzilishi "uchquni" sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. 

Bundan tashqari OpenAI voyaga yetmaganlarning xizmatdan foydalanishiga befarq ekanligi ham alohida aytib o'tilgan – Italiya hukumati yosh foydalanuvchilar platformadan yolg'on va mutlaqo noto'g'ri ma'lumotlar olishidan havotirda. Garchi ChatGPT'dan foydalanish qoidalarida xizmatdan faqat 13 yoshdan oshganlar foydalanishi mumkinligi keltirilgan bo'lsa ham, platformada yoshni verifikatsiya qiladigan hech qanday tizim yo'q.

San-Fransiskoda joylashgan kompaniyaga uchun bu muammolarni hal qilish uchun 20 kun muhlat berilgan. Aks holda esa, OpenAI'ni Yevropa Ittifoqining ma'lumotlarni himoya qilish tartibini buzganlik uchun kompaniya yillik aylanmasining 4 foizigacha yoki 20 million yevrogacha, qaysi biri kattaroq bo'lsa, jarimaga tortilishi mumkin.