Fevralda kutilayotgan smartfonlar, ularning jihatlari

Fevralda kutilayotgan smartfonlar, ularning jihatlari

An’anaga ko‘ra, joriy yilda ham Jahon mobil kongressi (MWC 2018) bizning diqqat-e’tiborimizdagi muhim voqealardan biri bo‘ladi. 26 fevraldan 1 martga qadar Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tadigan IT-texnologiyalari anjumanida bu yil kuchli "bayroqdor" smartfonlar qatorida, boshlang‘ich va o‘rta narxli devayslar ham taqdim etiladi. Quyida ular to‘g‘risidagi hozirgacha bizga ma’lum jihatlarni ma’lum qilamiz.  

Anjuman arafasida, ya’ni 26 fevralda Samsung Galaxy S9 hamda Galaxy S9+ flagmanlari taqdim qilinadi. Galaxy S9 modeli 5.8 dyuymli, Galaxy S9 Plus esa 6.2 dyuymli qayrilma va Super AMOLED matritsali "Infinity", ya’ni romsiz displeylarga ega bo‘lishadi. Yana bir muhim jihati – bu modellarda yilning eng ilg‘or protsessori ekani aytilayotgan Snapdragon 845 yoki Exynos 9 Series 9810 chiplari o‘rnatiladi. Devayslarning "kenjasiga" 4/64 gigabaytli xotira, Galaxy S9 Plus modeliga 6/64 gigabaytli xotira o‘rnatiladi.

Android 8.0 Oreo operatsion tizimining "Galaxy Experience U.I" talqinida ishlaydigan smartfonlarda qo‘sh piksel texnologiyasi tatbiq qilingan 12 megapikselli kuchli kameralar, IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan korpus, stereo dinamiklar bo‘ladi. 

S9 modeli 3000 mA soat, S9+  esa 3500 mA soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi. Galaxy S9 Plus'da qo‘sh sensorli kamera bo‘lishi mumkin. Smartfonlar 16 martdan sotuvga chiqariladi.

Sony brendidan kutilayotgan flagman

Sony ham MWC 2018 anjumaniga quruq kelmaydi va 26 fevralda Xperia XZ Pro nomli smartfon modelini taqdim qiladi. 2160x1080 pikselli, OLED matritsali bu displeyning tomonlar nisbati 18:9 standartli bo‘ladi. Devaysning samaradorligi uchun Snapdragon 845 chipi hamda  Adreno 630 video kartasi mas’ul bo‘ladi. Smartfon 4 GB tezkor va 64 Gb doimiy xotira bilan ta’minlanadi.

Xiaomi

Xiaomi brendini ham MWC 2018 anjumani ishtirokchilari ro‘yxatida ko‘rish mumkin. Bu gal "xitoylik olma" bir oz "jiddiy" flagman sifatida kutilayotgan Xiaomi Mi MIX 2S modelini anjumanga olib keladi. Kuchli Snapdragon 845 protsessoriga ega smartfonda kamera ham nihoyatda ilg‘or – Sony IMX363 sensori qo‘sh pikselli avtofokus texnologiyasiga ega bo‘ladi. Ya’ni smartfon tungi sharoitda ham sifatli surat olish salohiyatiga ega bo‘ladi. Xiaomi Mi MIX 2S Android 8.0 Oreo tizimi boshqaruvida ishlaydi va 3400 mA soat akkumulyator bilan ta’minlanadi.

LG

LG mobil anjumanga LG V30s modeli bilan kelishni reja qilgan. LG V30s bir muddat avval taqdim qilingan LG V30+ modeliga o‘xshash, biroq 256 gigabaytli doimiy xotirasi ajralib turadi.

Moto

Moto brendi ham bu yil "uyg‘ongan" ko‘rinadi. Boisi, brend Barselonaga Moto G6, Moto G6 Plus hamda Moto G6 Play smartfon modellari bilan tashrif buyurmoqda. O‘rta narxli Moto G6 modeli 5.7 dyuymli HD+ ekranga, Snapdragon 450 chip hamda 3/4 Gb tezkor xotiraga, 32/64 Gb doimiy xotiraga ega bo‘ladi. Smartfon bosh kamerasi 12+5 Mp qo‘sh sensordan, old kamera 16 megapikselli bo‘ladi. Uning akkumulyatori 3000 mA soat tok sig‘imiga ega bo‘ladi.

Moto G6 Plus modeli 5.93 dyuymli hamda FHD+ sig‘imli displey, Snapdragon 630 protsessori, 3/4 GB tezkor va 32/64 Gb doimiy xotira, 12+5 megapikselli bosh kamera, 16 MP aniqligidagi old kamera, 3200 mA soat sig‘imli batareya bilan ta’minlanadi.

Moto G6 Play modeli esa nomidan ham ko‘rinib turibdiki, o‘yin o‘ynashni xush ko‘ruvchilarga mo‘ljallangan. Unga HD+ sig‘imli, 18:9 standartli displey, Snapdragon 430 chipset, 4000 mA soat sig‘imli batareya o‘rnatiladi.

Nokia

HMD kompaniyasi "ko‘hna" Nokia brendini bozorga qaytarish yo‘lida kuch-g‘ayratini ayamayapti. Anjumanda taqdim etilishi kutilayotgan Nokia 8 smartfoni ham bugungi trend asosida 18:9 standartli ekranga, "Android Go", ya’ni toza android tizimiga ega bo‘ladi.

Nokia 1 esa Android 8.1 (Oreo) operatsion tizimida ishlaydi va brendning eng arzon smartfoni bo‘ladi. HD ekranli Nokia 1 modeli 1 gigabaytli tezkor hamda 8 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlanadi.

Kutilayotgan yana bir model – Nokia 7 Plus modeli Android 8.0 Oreo operatsion tizimida ishlaydi. Nokia 7 Plus Snapdragon 660 chipseti, 4 gigabaytli tezkor va 64 Gb doimiy xotiraga ega bo‘ladi. Smartfonga 6 dyuymli, Full HD+ (2160 × 1080 pikselli) va 18:9 o‘lchamli, 2.5D qayrilma bezak hamda Corning Gorilla himoya shishasi qoplangan ekran o‘rnatiladi.

Smartfondagi bosh kamera 12+13 megapikselli sensorlar, 2 karralik optik yaqinlashtirish funksiyasiga ega bo‘ladi. Old kamera uchun 16 megapikselli sensor o‘rnatiladi.

Huawei

Huawei ham "to‘yga to‘yona bilan" deb yangi devayslarini Ispaniyaga olib kelmoqda. Xususan, bu yil anjumanda MediaPad M5 plansheti namoyish qilinadi. 8.4 dyuymli QHD displeyli devaysga Kirin 960 protsessori, 4 Gb tezkor xotira o‘rnatilgan.

Ulefone T2 Pro

26 fevralda Ulefone brendi taqdim qiladigan Ulefone T2 Pro 6 dyuymli (1,080 x 2,280 pikselli) ekran, 8 yadroli Helio P70 protsessori, 8 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘ladi.

Asus

Tayvanlik IT-innovatori 27 fevralda muxlislarini xursand qilish maqsadida, ASUS Zenfone turkumida ZenFone 5 Lite modelini taqdim qiladi. 6 dyuymli va 18:9 standartli smartfon Snapdragon protsessoriga, 20+2 MP sensorli bosh kamera, 16+2 Mp sensorlaridan tashkil topgan old kameraga ega bo‘ladi.

Alcatel

Fransiyalik bu brend ham raqobatda omon qolish uchun bor jon-jahdi bilan kurashmoqda. Jumladan, Ispaniyaga eng yaqin smartfon ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan brend Barselonaga erta yetib keladi, shekilli, taqdimotni 24 fevraldayoq boshlab yuboradi.

Taqdimotda Alcatel 5, Alcatel 3v, Alcatel 1x kabi modellar namoyish qilinadi. Alcatel 3V modeli 6 dyuymli, Full HD+ sig‘imli displey, MediaTek MT6737 protsessori, 2/16 Gb tezkor va doimiy xotira bilan ta’minlanadi. Bosh kamera uchun 16 + 2 megapikselli sensorlar tanlangan. Akkumulyatorning tok sig‘imi 3000 mA soat.