Galaxy A34? Galaxy A14? Yo'q, bu Galaxy A24!

Galaxy A34? Galaxy A14? Yo'q, bu Galaxy A24!

Bir necha kun avval Samsung kompaniyasi o'zining Galaxy A34 va Galaxy A54 o'rta sinf smartfonlarini taqdim qildi, lekin ular bu yilgi Galaxy AX4 liniyasining eng oxirgilari emas – Galaxy A24 modelining rasmiy renderlari va texnik xususiyatlar tarqalib ketdi.

Smartfonning qizil rangli variantiga bir qarashda Galaxy A14 yoki uning laym va kumush ranglisiga qarab esa Galaxy A34 ni eslashingiz mumkin. Yo'q, bu unisi ham, bunisi ham emas. Ushbu model ularning o'rtasida joylashgan, ya'ni u A34 dan past, A14 dan esa yuqoriroqda turadi.

O'tgan yilgi Galaxy A23 davomchisi, 162.1×77.6×8.3 mm o'lcham va 195 gramm og'irlikka ega bo'ladi. Uning FHD+ rezolyutsiyadagi 6.5 dyuymli Super AMOLED displeyi 90 gerts tezlikda yangilanadi va u 1000 nit maksimal yorug'likni chiqa oladi. Ekran Galaxy A34 modelida bo'lgani kabi Infinity-U ramkasiga ega va "U" tirqishi 13 MP (f/2.0) selfi kamerasini o'z ichiga oladi.

Smartfon orqa tomonida Galaxy S23 stilidagi uchlik kameralar joylashuvini ko'rishingiz mumkin. Ularning asosiysi f/1.8 diafragmali 50 MP OIS kamera bo'lsa, yana biri 5 MP (f/2.2) ultra-keng, boshqasi esa 2 MP (f/2.4) makro kamera hisoblanadi.

Qurilma MediaTek'ning Helio G99 chipsetida 4 GB RAM va 128 GB (microSD bilan 1 TB gacha ko'paytirish mumkin) xotiraga ulangan holda 25 Vt tezlikda zaryadlanadigan 5000 mA/soat batareya bilan, albatta, One UI 5.1 versiyasida ishlaydi.

Qo'shimchasiga, smartfon yon tomonda joylashgan barmoq izini aniqlash skaneri va 3.5 millimetrli simli naushnik uyasiga bilan ham ta'minlangan.

15-mart kuni o'zining Galaxy A14, Galaxy A34 va Galaxy A54 smartfonlarini Turkiya bozori uchun taqdim qilganida Samsung kompaniyasi "seriyaning yana bir a'zosi, Galaxy A24" yaqin oylarda Turkiya bozoridan joy olishini tasdiqlagan edi. Afsuski, smartfon qachon, qanday narxda sotuvga chiqarilishi hozircha noma'lum.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.