Galaxy A54 ning kuchaytirilgani? Samsung Galaxy M54 chiqdi!

Galaxy A54 ning kuchaytirilgani? Samsung Galaxy M54 chiqdi!

Samsung kompaniyasi o'zining Galaxy M seriyasida texnik xususiyatlari kuchaytirilgan smartfonlarni taklif qiladi va ularning eng so'nggi modeli Galaxy M54 bo'ldi.

Galaxy M54 smartfoni Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan 6.7 dyuymli 1080×2400 piksel rezolyutsiyasidagi 120 gerts yangilanish tezligiga ega Infinity-O ramkali Super AMOLED ekranga ega. Ekran ostida esa Exynos 1380 chipseti 8 GB RAM va 128/256 GB xotira bilan Android 13 ga asoslangan One UI 5.1 versiyasida ishlaydi.

Qurilmaning 6000 mA/soat batareyasi uning eng o'ziga xos xususiyati hisoblanadi, chunki bugungi kunda bunday katta batareyali yaxshi smartfon topish qiyin. Ushbu gigant batareyani esa 25 Vt tezlikda zaryadlash mumkin. Smartfon 164.9×77.3×8.4 o'lchamda bo'lib, uning og'irligi 199 grammni tashkil qiladi. ‎

Foto: Samsung

Tasvirga olish borasida ham smartfon yomon emas: 108 MP (OIS, f/1.8) asosiy, 8 MP (f/2.2) ultra-keng, 2 MP (f/2.4) makro va 32 MP (f/2.2) selfilar uchun. Kameralar joylashuvi bir qarashda Galaxy S23 ni eslatib yuboradi. Ushbu kameralar bilan siz UHD 4K (3840 x 2160) formatida videolarni 30 kadr/sekund bilan olishingiz mumkin.

Aloqa va ulanish tomonda 5G, Bluetooth 5.3 va Wi-Fi 6 texnologiyalari qo'llab-quvvatlanadi. Qo'shimchasiga, smartfonga 1 TB gacha microSD solish mumkin. Barmoq izi skaneri qurilmani yoqish tugmasiga integratsiyalashtirilgan. Smartfonda 3.5 millimetrli simli naushnik uyasi mavjud emas.

Samsung o'zining Galaxy M54 smartfonini Yaqin Sharq davlatlari uchun tovlanib turadigan kulrang va to'q ko'k ranglarda taqdim qilgan. Afsuski Galaxy M54'ning narxi hozircha aniq emas.

Galaxy M54 o'tgan hafta taqdim qilingan Galaxy A54 bilan ko'p tomonlama o'xshash. Galaxy A54 bilan taqqoslaganda Galaxy M54 ni kattaroq ekran (6.7 dyuym - 6.4 dyuym), 20% ga kattaroq batareya (6000 mA/soat - 5000 mA/soat), yuqori rezolyutsiyali asosiy kamera (108 MP - 50 MP) va past rezolyutsiyali ultra-keng (8 MP - 12 MP) va makro (2 MP - 5 MP) kameralar bilan jihozlanganligi guvohi bo'lamiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.