ICTWEEK Uzbekistan 2016 haftaligi 19–23 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi

ICTWEEK Uzbekistan 2016 haftaligi 19–23 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi

19–23 sentyabr kunlari ICTWEEK Uzbekistan 2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga asoslanib Daryo.uz xabar bermoqda.

AKT haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad AKT sohasida so‘nggi bir yil ichida erishilgan amaliy natijalarni tahlil qilish, afzalliklarni o‘rganib, imkoniyat va istiqbollarni chamalab, faoliyatning turli sohalarida AKTni joriy etish yuzasidan ilg‘or tendensiyalarni amalga tatbiq etish, milliy va xalqaro yutuqlarni uyg‘unlashtirish, asosiy urg‘u qaratilgan «elektron hukumat» tizimini takomillashtirishda jahondagi ilg‘or davlatlar tajribasini o‘zlashtirishdan iborat.

ICTWEEK Uzbekistan 2016 tashkilotchilari — Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda ICTNEWS Conferences muassasasi. Tadbir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida bo‘lib o‘tadi.

ICTWEEK Uzbekistan 2016 haftaligini ICT Summit 2016 — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sammiti boshlab beradi. Sammit 20 sentyabr kuni Xalqaro biznes markazida umumiy yig‘ilish formatida tashkil etiladi. ICT Summit 2016 da davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mas’ul rahbarlari, mahalliy va xalqaro ekspertlar, axborot texnologiyalari kompaniyalari vakillari, tahlilchilar ishtirok etadi.

Bundan tashqari, ICTWEEK Uzbekistan 2016 doirasida ICTExpo 2016 xalqaro AKT mahsulotlari ko‘rgazmasi 21–23 sentyabr kunlari bir vaqtning o‘zida Toshkent (21–23 sentyabr) hamda Namangan (21–22 sentyabr) shaharlarida tashkil etiladi. Ko‘rgazmani bir vaqtning o‘zida ikki shaharda o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda AKTdan foydalanish, xizmat va mahsulotlarga bo‘lgan talab va ehtiyoj darajasining hududlarda ham jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatishdan iborat.

Haftalikning yana bir muhim voqeasi — Internet Forum 2016 da milliy va xalqaro internet mahsulotlari hamda ishlanmalari sohasida erishilgan yutuq va natijalar muhokama qilinadi. Forum 21–22 sentyabr kunlari Xalqaro biznes markazida bo‘lim va seksiyalarga, mahorat darslari va muhokama doiralariga bo‘lingan shaklda tashkil etiladi.

Haftalikning asosiy voqealari qatoridan mamlakatning AKT sohasida faoliyat yuritayotgan faol yosh dasturchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Best Soft Challenge, Intellec2all hamda O‘zbekistonda axborot xavfsizligini ta’minlash sohasi mutaxassislari o‘rtasida ilk marotaba o‘tkazilgan Cyber Security Challenge tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimlari, Xalqaro elektr aloqa ittifoqining seminari kabi tadbirlar o‘rin olgan.

19 sentyabr kuni jamoatchilikni haftalik rejalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Xalqaro biznes markazida ICTWEEK Uzbekistan 2016 ga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.