ICTWEEK Uzbekistan–2016: nufuzli haftalik start olish arafasida

ICTWEEK Uzbekistan–2016: nufuzli haftalik start olish arafasida

19-23 sentyabr kunlari O‘zbekistonda muayyan formatdagi bir qator maxsus tadbirlarni qamrab olgan ICTWEEK Uzbekistan–2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tadi. Bu to‘g‘rida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Haftalik mobaynida 20 sentyabr kuni Xalqaro Biznes markazida ICT SUMMIT 2016 – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sammiti,  21-23 sentyabr kunlari an’anaviy ICTEXPO–2016 xalqaro AKT mahsulotlari ko‘rgazmasi (Toshkent shahrida “O‘zko‘rgazmasavdo” majmuida), 21–22 sentyabr kunlari Xalqaro Biznes markazida INTERNET FORUM–2016, AKT sohasida faoliyat yuritayotgan faol yosh dasturchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «BestSoftChallenge», «Intellec2all» hamda O‘zbekistonda axborot xavfsizligini ta’minlash sohasi mutaxassislari o‘rtasida ilk marotaba o‘tkazilgan Cyber Security Challenge tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimlari, Xalqaro Elektraloqa Ittifoqining seminari kabi dolzarb, qiziqarli tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

AKT haftaligi yurtimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining eng yirik va keng ko‘lamli tadbiri sifatida mamlakatimizning eng ilg‘or mutaxassislari, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi uchrashuvlarni, soha yutuq va muammolari muhokama etiladigan chiqishlarni, so‘nggi texnologiyalar namoyishini qamrab oladi. Shu jihati bilan uning oddiy talabadan tortib, sohaning yetuk mutaxassisigacha bo‘lgan barcha ishtirokchilar uchun qiziqarli va samarali kechishi kutilmoqda.

ICTWEEK Uzbekistan 2016 tashkilotchilari: Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda ICTNEWS Conferences muassasasi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida bo‘lib o‘tadi.

ICTWEEK Uzbekistan–2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish va tadbirlarga ro‘yxatdan o‘tish uchun haftalikning www.ictweek.uz rasmiy veb-saytiga tashrif buyuring.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.