iPhone’dagi ‘i’ nimani anglatishini ko‘pchilik bilmas ekan

iPhone’dagi ‘i’ nimani anglatishini ko‘pchilik bilmas ekan

Ehtimol, axborot texnologiyalari asrida ‘i’ harfi eng ommabop va mashhur belgi bo‘lsa kerak. Ayniqsa, u jahonning eng yaxshi smartfon brendi oldida ishlatilsa. “iPhone” so‘zining ilk harfi, ya’ni “ay” aslida inglizcha “internet” so‘zining qisqartmasi bo‘lib, uning tarixi quyidagicha.

1998 yil Apple’ning axborot texnologiyalari sanoatidagi davrini boshlab bergan “iMac” kompyuteri namoyish etildi.

iMac’ni taqdim qilar ekan, kompaniya rahbari Stiv Jobs xaridorlarning kompyuter xarid qilishdan bosh va birinchi raqamli maqsadi internetdan foydalanish ekanini aytadi. O‘sha vaqtlarda jadal ommalashayotgan internetdan foydalanish qulayligi kompyuterlar reklamasining muhim qismiga aylangan edi.

“Macintosh’da internetdan foydalanish yanada tez va oson. Bu aynan internetdan foydalanishga mo‘ljallangan mahsulot”, degan edi Stiv Jobs.

Ammo shu bilan birga, o‘sha kungi taqdimotda “i”ning yana qator, xususan “individual” (o‘ziga xos yoki shaxsiy), “instruct” (ta’lim beruvchi), “inform” (boxabar qiluvchi), “inspire” (ilhomlantiruvchi) kabi ijobiy sifatlar bilan bog‘lash mumkinligi ham aytilgan edi.

Ilk ayfon 2007 yilning 9 yanvarida MacWorld Expo ko‘rgazmasida e’lon qilingan. 2008 yilda, ya’ni savdoga chiqqan yili iPhone jahonning eng yaxshi mobil texnologiya qurilmasi sifatida e’tirof etiladi. Bugungi kunga qadar ayfonning 12 ta modeli taqdim qilingan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.