Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filiali tashkil etildi

  •   DiMaX
  •  3152
  •  26.09.2018 09:33

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filiali tashkil etildi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filialini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan edi. Shu qaror loyihasi tasdiqlanib, Qo‘qon shahrida mazkur universitet filiali tashkil etildi. Bu haqda huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram-kanali orqali xabar bergan.

O‘QING: Milliy IT-universitetlar afg‘onistonlik yoshlarga eshiklarini ochadi

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida doimiy yashayotgan (doimiy propiska qilingan) hamda joriy yilda OTMlarga belgilangan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha hujjat topshirib, test sinovi natijalariga ko‘ra o‘qishga kira olmagan, biroq to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30% dan (56,7 ball) kam bo‘lmagan abituriyentlar mazkur Filialga o‘qishga qabul qilinadi.

Demak, universitetning ushbu Filialida talabalikka da’vogar abituriyent aynan quyidagi yo‘nalishlardan biriga hujjat topshirgan bo‘lishi kerak:

1) Elektronika va asbobsozlik (tarmoqlar bo‘yicha) – (shifr: 5310800);

2) Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari (tarmoqlar bo‘yicha) – (shifr: 5310700);

3) Texnologik mashinalar va jihozlar (tarmoqlar bo‘yicha) – (shifr: 5320300);

4) Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi (tarmoqlar bo‘yicha) – (shifr: 5320100);

5) Elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyasi – (shifr: 5321900).

Faqat mana shu beshta yo‘nalishdan biriga hujjat topshirib, o‘qishga kira olmagan farg‘onalik, namanganlik va andijonlik abituriyentlargina TDTUning Qo‘qon filialiga kirishlari mumkin.

Jami 125 ta kvota ajratilgan, joriy yilda kvotalar faqat to‘lov-kontrakt uchun ochilgan, grant yo‘q. Agar o‘qimoqchi bo‘lganlar 125 nafardan ko‘proqni tashkil qilsa, unda nima bo‘ladi? Bunday vaziyatda o‘qishdan necha ball olib yiqilganiga qaraladi va kattaroq ball to‘plaganlarga ustunlik beriladi.

Davlat test markazi shu 5 ta yo‘nalishlarga hujjat topshirib yiqilgan barcha farg‘onalik, namanganlik va andijonlik abituriyentlarning ro‘yxatini ballar ketma-ketligiga rioya etgan holda Filialga yetkazadi. Uyog‘iga Filialdagilar eng yuqori balldan boshlab, abituriyentlar bilan bog‘lanadi. Yuqori ball olganlardan kimdir o‘qishni rad etsa, unda keyingi o‘rindagi abituriyentga imkoniyat beriladi.

Filial Qo‘qon qurilish va iqtisodiyot kasb-hunar kollejida o‘z faoliyatini boshlaydi. Kollej o‘quvchilari esa o‘qishni bitirgunlariga qadar o‘quv jarayonini Filial binolarida davom ettiradi. Ya’ni, bir paytda bitta binoda ham OTM talabalari, ham kollej o‘quvchilari o‘qishadi.

O‘QING: Mark Zukerbergning Harvard bitiruvchilariga murojaati

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!