Mi Max 3'ning taqdimot sanasi rasman e’lon qilindi

Mi Max 3'ning taqdimot sanasi rasman e’lon qilindi

Xiaomi Mi Max 3 planshetofonining taqdimoti xususida kompaniya rahbari ham ma’lum qilib, uning iyulda taqdim etilishini rasman e’lon qilgan edi. Bugun esa Xiaomi kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda yangi modelning taqdimoti aks etgan "ishoraviy-surat"ni nashr qildi. Unga ko‘ra Mi Max 3 shu yilning 19 iyulida, Xitoy vaqti bilan soat 19:30 da jamoatchilik e’tiboriga havola qilinadi. Yangi "mobil kinoteatr"ni intiqlik bilan kutayotgan o‘quvchilarimiz bu kunni belgilab qo‘yishlari mumkin.

«Eng yirik va kuchli» shiori ostida taqdim qiliniayotgan Xiaomi Mi Max 3 trendga monand cho‘zinchoq, ya’ni tomonlari nisbati 18:9 o‘lchamli displey bilan ta’minlanadi. Biroq old paneldagi ekran ulushi rekord darajada bo‘lmaydi. Ekran diagonali 6,9 dyuymli, piksellar sig‘imi esa 2160x1080 (Full HD+) belgiga teng bo‘ladi.

Korpus ichkarisida esa o‘rta imkoniyatli Snapdragon 636 protsessorini, shuningdek "Pro-versiya"da flagman chiplardan bir oz orqada bo‘lgan Snapdragon 710 chipi bo‘ladi. Bir kristalli tizim uchun 3/4/6 Gb hajmdagi tezkor xotira kartalari tanlangan. Doimiy xotira sig‘imi esa 32 Gb, 64 Gb hamda 128 Gb bo‘ladi.

"Mi Max" turkumidagi bosh e’tibor ovoz hamda tasvir sifatiga, shuningdek akkumulyator sig‘imiga qaratilishi bois, yangi smartfondagi kamera imkoniyatlaridan katta natijalarni kutish xato. Shunday bo‘lsa ham, devays surat olish ishqibozlarini xafa qilmaydi: old kamera sig‘imi 8 megapikselli, bosh kamera esa qo‘sh sensorli -- 12 Mp + 5 Mp.

Planshetofonda kutilayotgan akkumulyator sig‘imi chindan ham quvonarli -- 5400 mA soat va bu akkumulyatorni tezkor quvvatlash ham mumkin. Yangi devays Android 8.1 Oreo'ning o‘zlashtirilgan MIUI 10 operatsion tizimida ishlaydi.

Xiaomi Mi Max 3 planshetofoni joriy oyning yakunida sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!