Yangiyo‘lda innovatsion bolalar bog‘chasi ochildi

Yangiyo‘lda innovatsion bolalar bog‘chasi ochildi

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoyalash kuni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yangiyo‘l tumani hokimligi hamkorligida “Orzu daraxti” nomli innovatsion bolalar bog‘chasi o‘z faoliyatini boshladi.  Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Bog‘cha 80 o‘rinli bo‘lib, unda koreys, ingliz va rus tillari mukammal o‘rgatiladi. Ish faliyati dushanbadan shanbagacha soat 8-00 dan 20-00 gacha belgilanib, bolajonlarning kuniga besh mahal ovqatlanishlari tashkil etilgan.

Shuningdek, muassasada massaj muolajalari, defektolog mashg‘ulotlari, darsonval terapiyasi, davolovchi jismoniy tarbiya (LFK) mashqlari, elektroforez, parafin terapiyasi o‘tkaziladi.

O‘z navbatida Innovatsion rivojlanish vazirligi tishlarning tozalik darajasini baholaydigan, kariyesni rentgen tasviri orqali aniqlash imkoni bo‘lmagan davrida ham aniqlash imkonini beruvchi texnologiyani o‘zida mujassam etgan Qscan uskunasini Toshkent viloyatida birinchi bo‘lib ushbu bog‘chaga taqdim etdi.

Bunda bog‘cha tarbiyalanuvchilariga va ularning ota-onalariga og‘iz bo‘shlig‘ining gigiyenik qoidalari o‘rgatildi, tishlarni to‘g‘ri tozalashda ular tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, so‘ngra joriy qilinishi boshlangan texnologiya orqali tekshirib ko‘rildi.

Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida davlat rahbarining 5 ta tashabbusi joriy etilgan bo‘lib, xususan, rasm chizish va raqs to‘garagi, badan tarbiya mashqi, shashka va shaxmat, suv sporti to‘garagi, shuningdek bolalarga kitobxonlikni o‘rgatishga rasmli kitoblar va innovatsion QR qodli kitoblarni audio eshitilishi tashkil etilgan, beshinchi yo‘nalish bo‘yicha esa 10 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.

O‘QING: Innovatsion rivojlanish vazirligi nimalarni qoyillatdi? Hammasiga javob berdi!