Samsung’ning buklama smartfoni egiluvchan displeydan tashqari yana bitta ekranga ega!
Janubiy koreyalik gigant, nihoyat, o‘zining ilk buklama smartfonining ayrim xususiyatlari haqida ma’lumot berdi. Bu devaysning asosiy – qayishqoq displeyi 7,29 dyuymlik bo‘lib, qurilma buklanganida u korpusning ichki tomonida qoladi.
Bundan tashqari, Galaxy F (ayrim manbalarga ko‘ra – Galaxy X) korpusining «orqa» tomonida yana bitta ekrani bor ekan! Devaysni buklaganda tashqarida qoladigan bu displeyning o‘lchami diagonaliga 4,58 dyuymga teng.
Samsung Display allaqachon egiluvchan ekranlarni ommaviy ishlab chiqarishga kirishgan. Joriy yilning so‘ngiga qadar u 500 ming donadan oshiq shunaqa displeylar ishlab chiqaradi.
Mazkur smartfon haqidagi batafsil ma’lumotlarni esa 7-8 noyabr kunlari San-Fransisko shahrida o‘tkaziladigan anjumanda aytishadi.
Lekin shunisi ham borki, buklanuvchi smartfonni birinchi bo‘lib taqdim etishga harakat qilayotgan Samsung ham, Huawei ham dog‘da qoldi. Unchalik ham tanilmagan bir xitoylik kompaniya buklanuvchi, tag‘in Snapdragon 8150 protsessorli ilk smartfonni allaqachon sotuvga chiqarishgayam ulgurdi.