Telefoningizni topib beruvchi bepul Android-ilova

  •   DiMaX
  •  9661
  •  13.01.2018 12:10

Telefoningizni topib beruvchi bepul Android-ilova

Hayotda turli vaziyatlar bo‘ladi – ba’zida smartfoningizni qayerga qo‘yganingizni eslay olmaysiz. Aksiga olib, ovozini o‘chirib yoki pasaytirib qo‘ygansiz – unga qo‘ng‘iroq qilishning foydasi yo‘q. Telefoningiz qayerdadir shu atrofda, ammo topa olmayapsiz. Xo‘sh, shunaqa holatlarda nima qilgan bo‘lardingiz?

O‘QING: O‘g‘irlangan smartfonni topsa bo‘ladi!

Shu kabi vaziyatlar uchun ishlab chiqilgan maxsus ilova bor – Where’s My Droid deb nomlangan. Mazkur bepul dasturni smartfoningizga o‘rnatib qo‘ysangiz, yo‘qolgan smartfoningizni osongina topa olasiz.

Buning uchun ilovani smartfon yoki planshetingizga o‘rnatgach, maxsus kodli so‘z kiritib qo‘yasiz. Qachonki smartfoningizni topa olmay qolsangiz, undagi o‘z raqamingizga boshqa istalgan raqamdan ushbu kodli so‘zni SMS-xabar tarzida yozib jo‘natasiz. Shunda Where’s My Droid qurilmangizdagi ovozsiz rejimni bekor qiladi, ovozini maksimal darajada balandlatadi va vibroqo‘ng‘iroqni ham faollashtiradi. Shundan so‘ng o‘z raqamingizga qo‘ng‘iroq qilib, telefoningizni osongina topib olishingiz mumkin.

O‘QING: iPhone, Android smartfon yo‘qolsa, qanday qilib izlash mumkin?

O‘zingiz sozlashingizga qarab, Where’s My Droid ilovasi smartfoningizdagi standart qo‘ng‘iroq musiqasining (yoki siz o‘rnatgan musiqaning) o‘rniga shovqin chiqarishi ham mumkin. Bunaqa tovushni inson qulog‘i juda yaxshi ilg‘ab oladi va telefonni topish yanada oson kechadi.

Dastur qurilmani topish uchun GPS tizimidan ham foydalana oladi, ammo buning uchun telefoningizda GPS-navigatsiya funksiyasi faol holatda turgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, har ehtimolga qarshi, Where’s My Droid ilovasida sozlamalarni parol bilan himoyalash funksiyasi ham tatbiq etilgan. Bundan tashqari, unda SIM-kartasi almashtirilgan holatda smartfonni topish funksiyasini ham faollashtirsangiz bo‘ladi.

Agarda o‘z smartfoningizda o‘ta shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotlaringizni saqlaydigan bo‘lsangiz, u holda pulli Where’s My Droid Pro versiyasini o‘rnatib olsangiz ham bo‘ladi. Bu talqinida smartfon yo‘qolgan hollarda uni masofadan turib formatlab – ichidagi ma’lumotlarni yo‘q qilib yuborish funksiyasi ham mavjud.

O‘QING: Android’dan yo‘qolgan ma’lumotlar qanday qayta tiklanadi?

Bepul Where’s My Droid dasturini mana bu havola orqali smartfoningizga o‘rnatib olishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!