Motorola'ning afsonaviy Rizr brendi konsept smartfon ko'rinishida qaytmoqda!

Motorola'ning afsonaviy Rizr brendi konsept smartfon ko'rinishida qaytmoqda!

Barselonada bo'lib o'tayotgan Butunjahon mobil kongressida har yilgidek texno gigantlar o'zlarining kompaniyadan tashqariga chiqarilmagan sirli texnologiyalarini birma-bir ko'rsatishmoqda. Ana shunday qurilmalarning biri Motorola'ning Rizr smartfoni bo'lib, uni 2006-yilgi Rizr'ning ehtimol bugungi kundagi ko'rinishi deyishimiz ham mumkin.

Motorola Rizr konsepti 5 dyuymdan 6.5 dyuymga cho'ziladigan ekran ega smartfon bo'lib, buning uchun telefonni yoqish tugmasini ikki marta bosishingiz kifoya (lekin Motorola agar bu qurilma kelajakda keng ishlab chiqariladigan bo'lsa, ushbu harakat tugmasi o'zgarishi mumkinligini ma'lum qilgan).

Foto iXBT.com

5 dyuymli holatda displeyning uning ortiqcha qismi telefon orqasiga o'ralgan holatda turadi. Bu esa undan ikkinchi displey sifatida foydalanish imkonini beradi, xuddi hozirgi Galaxy Z Flip 4 va Oppo Find N2 Flip buklamafonlarida bo'lgani kabi.

Foto: XDA

Masalan, displeyning orqa tomonga o'ralgan qismida siz bildirishnomlarni ko'rishingiz yoki orqa kamera bilan selfi tushayotganda kamera ko'rgan narsani ko'rib turishingiz mumkin bo'ladi. Selfi deganda shuni aytish kerakki, agar e'tibor bergan bo'lsangiz qurilma displeyida old kamera tirqishini ko'rmaysiz, chunki u ekranga o'rnatilmagan.

Foto: GSMArena

Selfi kamera bilan birga, qurilma dinamikasi ekran paneli ostida joylashgan. Agar siz old kamera bilan selfi qilmoqchi bo'lsangiz yoki qo'ng'iroq qilsangiz, qo'ng'iroq qabul qilsangiz ekran pastga tushib turadi.

Foto: TechCrunch

Rizr ekran mexanizmi YouTube kabi ilovalarda videoni yanada kattaroq maydonda ko'rish, hamda, elektron pochta ilovalarida matn yozishda ko'proq joy berish uchun avtomatik ravishda cho'ziladi. Shuningdek, ikonkalar va orqa fon surati displey kengayganda yoki kichrayganda qayta joylashadi.

Qurilma BOE tomonidan ishlab chiqarilgan pOLED displey bilan jihozlangan. Uning og'irligi 210 grammni tashkil qiladi va u 3000 mA/soat batareyaga ega. Afsuski, qolgan texnik xususiyatlar hozircha ochiqlanmagan.

Foto: GSMArena

Konsept ekanligini hisobga olgan holda shuni aytishimiz mumkinki, siz yaqin kunlarda cho'ziluvchan ekranli Motorola Rizr'ning sotuv peshtaxtalarida ko'rmaysiz, chunki kompaniya hali uning ustida ko'p ishlashi kerak. Umuman, bunday turdagi smartfonlar chidamliligi bir qancha savollarni keltirib chiqaradi. Masalan, agar uni tushirib yuborsangiz va u yerga tag qismi bilan tushsa nima bo'ladi? Kamida ekranni to'liq alishtirishga to'g'ri kelishi mumkin.

Aytish kerakki, cho'ziladigan ekranli smartfonlar bugungi kunda unchalik yangilik emas. Garchi ular sotuvda mavjud bo'lmasa ham, biz bir necha yillar avval TCL o'zining slayder ekranli smartfoni ustida ishlayotgani haqida eshitgan edik. LG esa cho'ziluvchan ekranli smartfonni ishlab chiqargan, biroq keyinchalik kompaniya uni sotuvga chiqarishdan voz kechgan edi. Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi portfoliosida ham bunday turdagi smartfonlarni ko'rganmiz, lekin hozircha kompaniya o'z sirlarini boy bermagan holda ular ustida ishlamoqda.

O'QING: MWC 2023 ko‘rgazmasida Nothing Phone 1 kloni – Unihertz Luna qo‘lga tushdi!