1 terabaytli eng jajji USB-S fleshka taqdim qilindi

1 terabaytli eng jajji USB-S fleshka taqdim qilindi

An’anaviy o‘tkazib kelinadigan CES -- elektronika mahsulotlari ko‘rgazmasida so‘nggi innovatsion elektronika vositalari taqdim qilinadi. Shu kunlarda davom etayotgan ko‘rgazma doirasida bugun biz ko‘rgan shakl va o‘lchamdagi, biroq ichki xotira sig‘imi rekord darajada yirik flesh-xotira taqdim qilindi. Jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan SanDisk bu orqali raqobatchilaridan qanchalar ustun ekanini namoyish qildi.

Bu yilgi raqobatda SanDisk kompaniyasi 1 terabaytli ma’lumotni sig‘dira oladigan bu qo‘shimcha xotira qurilmasi bilan barchani hayratda qoldirdi. USB-C interfeysiga ega fleshkani bugungi zamonaviy smartfonlarga qo‘yib ham ishlatish mumkin. Eslatib o‘tamiz, bir yil avval jiddiy raqobatchi bo‘lgan Kingston kompaniyasi 2 terabaytli fleshka ishlab chiqargan edi. Biroq, uning o‘lchami va dizayni nihoyatda qo‘pol va yirik bo‘lgan. Shu bilan birga, bu qurilma hali ham jahonning eng sig‘imdor USB-fleshkasi degan nomni o‘zida saqlab turibdi.

Elektronika vositalari, xususan xotira qurilmalari ishlab chiqarishda 2018 yilgi "uloq" SanDisk'ga nasib qildi. Boisi, yangi fleshka aynan USB-C portiga mo‘ljallangan. Bu har bir smartfon foydalanuvchisi uchun ayni muddao.

Aytish joizki, hozircha bu USB-fleshkasi namuna va CES 2018 ko‘rgazmasi uchun maxsus tayyorlangan. Bu aksessuarni joriy yildan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.