15 mart: Apple yangi talqindagi gadjetlariga nima o‘zgartirish kiritmoqchi?

15 mart: Apple yangi talqindagi gadjetlariga nima o‘zgartirish kiritmoqchi?

Kaliforniyalik raqamli qurilmalar ishlab chiqaruvchi gigantning “Dunyoning eng qimmatli kompaniyasi” nomini saqlab qolishga bo‘lgan harakati bu yil ham o‘zini yangidan-yangi mo‘’jizakor texnologiyalar bilan oqlashi kutilmoqda.

9to5Mac texnologiyalar blogining tarqatgan xabarlariga ko‘ra, Apple’ning navbatdagi taqdimotida iPhone 5se, Apple Watch “aqlli soati”,  iPad Air planshetining yangi talqini namoyish qilinadi. Hozircha ushbu taqdimotning 15 martda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ammo bu ma’lumot kompaniya tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

Blogda yozilishicha, 4 dyuymli iPhone 5se ko‘rinishi jihatidan, ya’ni korpusi iPhone 5s’ga o‘xshaydi va uning narxi ham o‘zining “ajdodi”niki kabi, 450 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi. Farqli tomoni shundaki, mazkur yangi mobil aloqa vositasi  Apple’ning so‘nggi innovatsiyalari, ya’ni A9 protsessori hamda Apple Pay elektron to‘lov tizimiga ega bo‘ladi. Bu degani – iPhone 5se yanada tezkor ishlaydi.

Technalysis Research tadqiqot nashrining bosh tahlilchisi Bob O’donnel esa, ushbu qurilmaning oldingisiga nisbatan kichikroq hajmda bo‘lishini taxmin qilmoqda. “Smartfon degani katta ekran bilan ajralib turmaydi. Kichik va ixcham ekranli qurilmalarning ishqibozlari ham ko‘p. Shu sababli, 4 dyuym, garchi texnologiya olamiga o‘zgarish olib kelmasa ham, manimcha ko‘pchilikka ma’qul bo‘ladi,” deydi u.

Mazkur smartfon ham displey qalamchasiga ega bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, u bilan birga taqdim qilinishi kutilayotgan Apple Watch va iPad Air qurilmalari ham yangi talqin va o‘zgarishlar bilan boyitilgan. Xususan, “aqlli soat” “S” rusumidagi taqiladigan qurilmalar qatoridan joy oladi. Uning tarkibiy qismi o‘zgarib, akkumulyatorning quvvat hajmi oshiriladi, shu bilan birga bog‘ichida bilakka qulay o‘rnashuvi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘lishi, unda Milanese Loop Space Black brasleti bo‘lishi mumkin.

2013 yilning oktyabr oyida namoyishi bo‘lib o‘tgan iPad Air planshetining yangi – uchinchi talqini korpus va ko‘rinishidan 2014 yilda e’lon qilingan iPad Air 2 planshetini eslatsa, uning ichki imkoniyat va funksiyalari 2015 yilning 9 sentyabrida muxlislar e’tiboriga havola qilingan iPad Pro’niki bilan bir xil bo‘lishi xabar qilinmoqda.

9.7 dyuymli ekran piksel sig‘imi 2334 x 3112, 4K texnologiyaga asoslangan, 3D Touch texnologiyasi bilan ta’minlangan bo‘ladi.

iPad Air 3 qurilmasining kamerasida diodli fotochaqnoq mavjud bo‘ladi. Undagi to‘rt dona ovoz uzatkichlar ham so‘nggi stereo ovoz texnologiyasi bilan boyitiladi. Smart Connector portali orqali endi planshetni klaviaturaga ham ulash mumkin.

Worldpanel ComTech blogining yozishicha, iPad Pro gadjeti planshet sanoatiga o‘ziga xos biror jihat bilan kirib kelgan emas va kompaniya navbatdagi qurilmada innovatsion texnologiyani tatbiq qilishi mumkin.

Hozircha narx-navo borasida biror fikr aytish qiyin. Amazon internet do‘konida kompaniyaning so‘nggi plansheti – Apple iPad Pro 720.99 AQSh dollaridan sotilmoqda. “Malika” savdo majmuasida esa iPad Air 2 (Wi-Fi, 4G, 64 Gb.) qurilmasi 4.150.000 so‘mga baholangan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!